Innovatsiya vaziri OTM va ITMlarning prorektorlari va direktor oʻrinbosarlari ishtirokida videoselektor oʻtkazdi

19:00 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
40 0

13-sentyabr kuni Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari hamda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirokida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raislik qildi, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Yigʻilishda Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish holati hamda muammolari haqida soʻz yuritildi.

OTM va ITMlarning ilmiy salohiyatini belgilashda asosiy mezonlardan biri bu ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hisoblanadi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bugungi kunda OTM va ITMlar uchun yangi yoʻnalish boʻlgani bois, tijoratlashtirish ishlari talabga javob bermasligi qayd etildi. Shu bilan bir qatorda, respublikada ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish faoliyatini yaxshi yoʻlga qoʻygan OTMlar ham mavjud boʻlib, birgina Navoiy davlat konchilik institutida 2019-yil davomida 2 ta laboratoriya faoliyati natijasida 130 mln soʻmlik hamda hududdagi ishlab chiqarish va sanoat korxonalarining muammolari yechimiga qaratilgan umumiy summasi 1,3 mlrd soʻmni tashkil etadigan 10 ta xoʻjalik shartnomalari tuzilgan.

Yigʻilishda 2019-yilda oʻtkazilayotgan anjumanlar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda 2020-yili boʻladigan ilmiy va ilmiy-texnikaviy anjumanlar roʻyxatini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yil 25-sentyabrga qadar prorektorlar va direktor oʻrinbosarlarining 2019-yil 9 oyi davomida bajargan ishlari boʻyicha OTM va ITMning ilmiy salohiyati, dissertatsiya himoya qilganlar soni, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimida yillar kesimida qabul qilinganlar, bitiruvchilar, dissertatsiya himoya qilganlar soni, bajarilayotgan mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalar, innovatsion jamgʻarmalarga shakllantirilgan mablagʻlar va ularning sarflanishi hamda boshqa innovatsiyalar rivojlanishning asosiy koʻrsatkichlari aks ettirgan holda hisobot taqdim etish vazifasi qoʻyildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar eʼlon qilishni amalga oshirishning yangi mexanizmi joriy etildi. Vazirlik tomonidan joriy yilning 15-iyulidan 16-avgustgacha boʻlgan muddatga qadar tashabbuskor (oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida moliyalashtiriladigan ustuvor ilmiy-tadqiqot) loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Ushbu tanlovga respublikada faoliyat olib borayotgan 112 ta OTMlarning atigi 32 tasi tomonidan 123 ta loyiha taqdim etilgan. Respublika miqyosida bu koʻrsatkichlarni qoniqarli deb hisoblab boʻlmasligini hamda OTMlarda faoliyat olib borayotgan professor va oʻqituvchilar faqatgina talabalarga taʼlim berish bilan cheklanib qolmasligini inobatga olib, barcha masʼul prorektor va direktor oʻrinbosarlaridan vazirlik tomonidan eʼlon qilib boriladigan tanlovlarga jamoani faol qatnashishini taʼminlashlari soʻraldi.

Yigʻilish soʻngida yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Yoshlar akademiyasi hamda uning ishchi organi sifatida Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilishi haqida maʼlumot berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?