Innovatsion texnologiyalar, ilmiy yondashuv va sifatli mahsulot Sirdaryo viloyatidagi “Bek klaster” korxonasi faoliyatining asosiy mezoniga aylangan

01:13 02 May 2018 Iqtisodiyot
793 0

Bir paytlari mo‘l-ko‘l paxta yetishtirsalar-da, o‘zlari oddiy chitni ham navbatda turib sotib olgan ota-bobolarimizning bir orzusi bo‘lardi: u ham bo‘lsa, paxta tolasidan tayyorlanadigan mato va kiyim-kechaklarni yurtimizda ishlab chiqarish edi. Shukrki, bugun ularning armoni ro‘yobga chiqib, mamlakatimizdagi o‘nlab zamonaviy korxonalar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar nafaqat bozorlarimizni to‘ldirmoqda, balki xorijda ham xaridorgir bo‘lib borayapti. Ayni chog‘da ushbu tizimda paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari joriy etilayotganligi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni zamonaviy bosqichga olib chiqmoqda.

Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi ham aynan yurtimiz iqtisodiyotidagi yangi tuzilmalardan biri — “Bek klaster” korxonasi ishi bilan tanishishdan boshlangani bejiz emas. Aytish joizki, mazkur korxona loyihasi davlatimiz rahbarining o‘tgan yili hududga qilgan tashrifi chog‘ida taqdim etilgandi. Ushbu taklif Yurtboshimizning 2017 yil 15 sentyabrdagi “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qo‘llab-quvvatlandi.

Qarorga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Bek klaster” qo‘shma korxonasi innovatsion texnologiyalar hamda ilg‘or boshqaruv usullarini faoliyatining bosh mezoni etib belgilab oldi. Bunday yangicha yondashuv, avvalo, yer unumdorligini oshirish chora-tadbirlari bilan boshlanganligi esa e’tiborga molik.

Yer unumdorligini oshirishning yangi usuli

— Tuproqshunoslik instituti bilan hamkorlikda klasterimiz ixtiyoriga ajratilgan har bir dalaning ikki metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi tuproq tarkibi o‘rganib chiqildi, — deydi “Bek klaster” korxonasi rahbari Ulug‘bek Sotiboldiyev. — Germaniya texnologiyasiga muvofiq bajarilgan ilmiy tahlillar natijasiga asosan, ekin maydonlariga tegishli meliorativ-agrotexnika tadbirlari belgilandi. Xususan, Mirzacho‘l yer sharoitiga xos bo‘lgan gips qatlamini yorishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘ngra sho‘r yuvish va tuproq tarkibini yaxshilash, irrigatsiya-melioratsiya tizimi holatini tartibga keltirish yumushlari ham amalga oshirilayotir. Yer tekislash esa lazerli vositalar orqali bajarilayapti.

E’tiborlisi, klasterda yuqorida aytilgan o‘rganishlar natijalari asosida 2018 — 2022 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq, yer unumdorligini oshirish maqsadida 3/2 sxema asosida almashlab ekish tartibi qat’iy yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Yana bir yangilik, tajriba sifatida yarim almashlab ekish ko‘rinishidagi g‘o‘za hamda soya o‘simligini aralash holda ekish mo‘ljallanayotir. Shu maqsadda tuproq unumdorligini oshirishga yordam beradigan past bo‘yli va ertapishar soya navi urug‘ini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. Ayni paytda bu usul yer hamda boshqa resurslardan yanada unumli foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi. 
Joriy yilning oxirida tuproq tarkibini gumus bilan to‘yintirish maqsadida 3 ming gektarda “yashil o‘g‘it” texnologiyasi qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Buning uchun hozirgi kunda 40,6 gektar maydonda urug‘lik olish maqsadida Serbiyadan keltirilgan arpa, bug‘doy, suli, javdar, tritikale, raps singari ekinlar o‘stirilmoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda Guliston davlat universiteti olimlari tomonidan mahalliy boqla ziroati asosida yaratilgan vika o‘simligidan foydalanish ham ko‘zda tutilgan. Qolaversa, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida sholi o‘stirilib, uning suvida baliq parvarishlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

“Bek klaster” dastlabki yili chigit ekish mavsumidayoq yurtimiz dehqonchiligida hali kuzatilmagan yangi usulni joriy etdi. Ya’ni g‘o‘za qator oralarining 76/5 shakli tanlandi. Mutaxassislarning fikricha, jahon tajribasida sinalgan ushbu usul “Bek klaster”ning hozircha unumdorligi past bo‘lgan ekin maydonlari uchun juda mos hisoblanadi. Yana bir jihat esa, chigit olti qatorli seyalkalarda yerga qadalmoqda. Turkiyadan keltirilgan mazkur ekish texnologiyalari nafaqat ish unumdorligini oshirishi, balki dehqonchilik tadbirini o‘ta aniqlik hamda urug‘larning belgilangan miqdorda o‘z joyiga tushishini ham kafolatlaydi. Bunday usulda undirilgan g‘o‘za ko‘chatlari yagana qilinmaydi, o‘simlik uchun zarur bo‘lgan kerakli fosforli o‘g‘itni ham bir yo‘la solib ketadi. Yana bir e’tiborli tomoni, 76/5 sxemasida odatdagi ekish shaklidagi 10 gektar maydondagi g‘o‘za soniga nisbatan 1 gektar ko‘p bo‘lgan miqdordagi ko‘chatni joylashtirish mumkin ekan.

Klasterda joriy yil 13 ming 988 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanadi. Hosildorlikni yildan-yilga oshirish hisobiga paxta xom ashyosi yetishtirishni birinchi uch yilda 42,6 ming tonnadan kamaytirmaslik va keyingi yillardan boshlab esa orttirib borish rejalashtirilgan.

Avtopilot boshqaruvi va dronlar

Klaster korxonasi tomonidan dala ishlarida qo‘llaniladigan odatdagi uch g‘ildirakli traktorlar o‘rniga to‘rt g‘ildiraklilaridan foydalanilayotir. Buning afzalligi nimada?

— AQShning “New Holland” kompaniyasidan olinayotgan “TD5-110” rusumli to‘rt g‘ildirakli traktorlarning afzalliklari ko‘p, — deydi “Bek klaster” qo‘shma korxonasining texnikalarni ta’mirlash va servis xizmati ko‘rsatish markazi rahbari Bahodir Tojiqulov. — Avvalo, u texnik jihatdan xavfsiz hamda an’anaviy qo‘llanishda bo‘lgan uch g‘ildirakli traktorlarga nisbatan 30 ot kuchi yuqori quvvatga, ya’ni 110 ot kuchiga ega. Ish ko‘lami shunga yarasha. Masalan, olti qatorli ekish yoki ishlov berish vositasini taqish imkoniyati bilan uch g‘ildirakli traktorlar tomonidan dala boshiga uch marta borib kelingandagi ishini ikki martada sifatli amalga oshira oladi. Bu esa yonilg‘i-moylash materiallari tejalishini ta’minlash barobarida, vaqtdan unumli foydalanishda qo‘l keladi.

“Bek klaster” rahbarining bildirishicha, ayni chog‘da mazkur traktorlarga paxta terish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodi bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Qolaversa, qishloq xo‘jaligi texnikalarini to‘liq kompyuter boshqaruviga o‘tkazish va qator orasi ishlovlarini GPS tizimi aniqligida olib borish bo‘yicha AQShning “Trimble” kompaniyasi bilan shartnomalar imzolangan. Mazkur texnologiya tajribada sinalmoqda.

Avtopilot boshqaruvidan kutilayotgan samara ham juda yuqori. Xususan, ushbu usulda ishlatiladigan traktor bilan ishchi organlarini g‘o‘zaga aslo shikast yetkazmagan holda unga yaqin olib kelish mumkin. Negaki, o‘sha uskunalar orqali egatdagi har bir niholning joyi chigit ekish vaqtidayoq avtopilot xotirasiga kiradi. Shu bois keyingi tadbirlarni bajarish chog‘ida ham hech qachon adashmaydi. Ya’ni u ko‘chat qayerda joylashganini “sezadi.” Bunday sifatli ishlov esa begona o‘tlarni yo‘qotish va g‘o‘za qator oralarini yumshatish bilan bog‘liq ishlarda qo‘l kuchidan foydalanishga ehtiyoj qoldirmaydi.

Ta’kidlash lozimki, klasterning texnika parkiga paxta hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshirish uchun 100 ta “TD5-110” rusumli to‘rt g‘ildirakli traktor olib kelinayotir. Shu bilan birga, mazkur agregatlarni Janubiy Koreya texnologiyalari asosida to‘liq gaz bilan ishlashga o‘tkazish rejalashtirilayotir.

Hozirgi kunga qadar, Turkiyadan 40 ta chigit ekish seyalkasi, 100 ta kultivator va 30 ta lazerli yer tekislagich, Rossiya Federatsiyasidan yuqori quvvatli hamda ish samaradorligiga ega 20 ta “K-744” rusumli qishloq xo‘jaligi texnikasi olib kelindi. Shuningdek, qo‘shma korxona ixtiyorida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari uchun 10 ta ekskavator hamda tuproq ishlarini bajaruvchi ikkita traktor ham mavjud.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashishda ham yangilikka qo‘l urilmoqda. Xususan, biomahsulotlar aniq tizim asosida va o‘z vaqtida dalaga chiqarilsagina samara beradi. Misol uchun, belgilangan talab bo‘yicha trixogramma 1 gektar maydonning 400 nuqtasiga qo‘yilishi kerak hamda bu ish har 3-4 kunda takrorlanishi zarur. Shu bois ushbu tadbirni minglab gektar maydonda qo‘l kuchi bilan amalga oshirish yaxshi samara bermasligi hisobga olinib, uni bajarishda “dron”lardan foydalanish mo‘ljallanayotir. Qolaversa, mazkur uchuvchisiz uchuvchi apparatlar orqali dalalarda bajarilayotgan ishlar ham nazorat qilib borilmoqda.

Korxonaning o‘z ilmiy markazi

Mubolag‘a emas, korxonada har bir yumushga ilmiy asosda, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali yondashish barcha tarmoqning eng muhim vazifasiga aylangan. Endi yerlar odatdagidek shudgor qilinmaydi, balki o‘sha haydov darajasidagi chuqurlikda maxsus texnika vositasi orqali yumshatiladi. Bunday haydov yer yuzasidagi kislorod bilan yashaydigan hamda tagidagi kislorodda yashay olmaydigan, yer unumdorligiga xizmat qiluvchi foydali bakteriyalar nobud bo‘lishining oldini olar ekan. O‘z navbatida, ekin maydonining tekisligi ham buzilmasligi kafolatlanadi.

Korxona yerlarida o‘stirilayotgan ekin turlarining yangi va istiqbolli navlarini yaratish, ulardan mo‘l hosil olish, saqlash hamda qayta ishlashni ilmiy jihatdan asoslangan holda to‘g‘ri amalga oshirish uchun malakali mutaxassis va olimlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Yangi texnika hamda ilg‘or texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq choralar belgilab olindi. Masalan, bunga qishloq xo‘jaligi sohasiga aloqador oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining malakali olimlarini, qolaversa, xorijdan ham mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Bek klaster” MChJ qo‘shma korxonasining “O‘simlik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy markazi” tashkil qilinayotgani fikrimiz dalilidir.

Hozircha bu borada Guliston davlat universitetida tashkil etilgan laboratoriyani ilk qadam, deyish mumkin. Markaz esa shu yilning birinchi yarim yilligida ish boshlashi kutilayotir.

Shuningdek, ishlab chiqarishda muhim omil hisoblangan — mahsulot bozorini topish masalasiga ham katta e’tibor qaratilgan. Buning uchun zamonaviy IT-texnologiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Social web solution” dasturi orqali elektron savdo yoki internet marketingni tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Turli ekinlar urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish ham korxonaning rejalar portfelidagi muhim vazifalardan biridir. Maqsad mamlakatimizning bu boradagi import hajmini keskin qisqartirish hamda kelgusida eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shishdir. Hozircha “S-6524”, “Sulton” va birlamchi elita g‘o‘za urug‘chiligi laboratoriyalari tashkil etilganini ushbu sohadagi dastlabki harakatlar, deyish mumkin. 

Ish o‘rni kafolatli, mehnat haqi naqd

— Korxonamizga ajratib berilgan yer maydonlari 8 ta xo‘jalik va 110 ta brigadaga bo‘lingan, — deydi korxona bosh hosiloti Abdurahmon Shukurov. — Xo‘jalik hamda brigadalarga ekin maydoni atrofidagi hududlarda istiqomat qiluvchi ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis va dehqonlar rahbar etib tayinlangan. Har brigadaning 12 — 15 nafargacha doimiy ishchisi bor. Ularning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida bu yil har bir brigadaga 2 gektardan achchiq qalampir ekish belgilangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, gektaridan 20 tonnagacha hosil olinadi. Ishchilar hamda brigada boshliqlariga to‘lanadigan oylik ish haqlaridan tashqari qalampirdan olingan foydaning 50 foizi ham daromad sifatida beriladi. 

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga jalb etiladigan 1800 nafar ishchining mavsumdan tashqari vaqtda ham yil bo‘yi ish bilan band bo‘lib, daromad olishini ta’minlash maqsadida aholiga kasanachilik asosida quyonchilik, pillachilik bilan shug‘ullanish, tomorqalarida qalampir yetishtirishlari uchun sharoit yaratib berish ko‘zda tutilgan. Qalampir hosili esa korxona tomonidan xarid qilinib, qayta ishlanib, eksportga yo‘naltiriladi. 

Ayni kunlarda aholining 400 gektar tomorqasiga ekish uchun qalampir ko‘chatlari tarqatish boshlab yuborildi. Qolaversa, kelgusida aholiga tok va anor ko‘chatlari yetkazib berilib, hosilini qabul qilishga ham hozirlik ko‘rilmoqda. Tashkil etilayotgan pillaxonalarda esa ipak qurti boqish mavsumidan tashqari vaqtlarda qo‘ziqorin yetishtirish rejalashtirilmoqda. Joriy yilda esa Janubiy Koreya texnologiyasi asosida qurilayotgan 100 gektarlik zamonaviy issiqxonaning 40 gektari foydalanishga topshiriladi. 200 gektar tokzor va shuncha anorzor yaratish boshlab yuborildi. 

Korxonaning yaqin kelajak uchun belgilangan 10 ta loyihasi amalga oshirilishi tufayli 10 ming kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Xususan, joriy yilning ikkinchi yarmida bir kecha-kunduzda 330 tonna paxtani qayta ishlaydigan quvvatga ega zavod qurilishi yakunlanadi. Shuningdek, kelgusida don kombinati, sholini qayta ishlash, yog‘ zavodlari, chorva ozuqasi tayyorlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish liniyalari ham tashkil etiladi. Bu borada korxonaning organik o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbusi e’tiborga molik.

Shu o‘rinda korxona rahbari Ulug‘bek Sotiboldiyevning “Ekologik toza mahsulot — O‘zbekistonimizning eng asosiy brendi bo‘lishini orzu qilaman. Negaki, bugun jahon bozoridagi talab ham shu”, degan ezgu niyatini keltirish maqsadga muvofiqdir.

Suhbatdoshimiz klaster korxonasi hududidagi aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida Global ekologik jamg‘arma, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kabi xalqaro muassasalar grantlari asosidagi loyihalarni amalga oshirish rejalari borligini ham bayon qildi. Yana 2 ming gektar maydonda tuya va yilqi boqish yo‘lga qo‘yiladi. Shu asosda hududda tuya suti bilan muolaja olib boradigan klinika ochiladi. Qolaversa, 8 ta bog‘cha tashkil etilib, klaster korxonasi xo‘jaliklari atrofida yashovchi aholi farzandlariga maktabgacha ta’lim jarayoniga qatnash imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, klaster usulida yaqin kelajakda paxta hosildorligini 70 sentnerga yetkazish belgilangani tahsinga loyiq. Bundan keladigan daromaddan esa paxtani yetishtirgan dehqon ham, qayta ishlagan hamda tayyor mahsulotga aylantirgan sanoatchilar ham, qo‘yingki, sohaga aloqador barcha a’zo birdek manfaatdor bo‘ladi.

— Prezidentimizning qo‘shma korxonamizga tashrifi chog‘ida bildirgan yuksak ishonchi jamoamizga katta kuch va g‘ayrat baxsh etdi, — deydi U. Sotiboldiyev. — Berilgan tavsiya hamda topshiriqlar esa nafaqat bizning korxonamiz, balki yurtimizdagi barcha turdosh korxonalar, umuman, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sohasi sub’ektlari uchun birdek foydali bo‘ldi. Xususan, davlatimiz rahbarining issiqxona konstruksiyalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, meva-sabzavotchilik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, klaster qoshida tashkil etiladigan ilmiy-amaliy markaz faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasiga ilmiy yondashuvni kuchaytirish, sifatli mahsulot yetishtirib uning xaridorini topish yuzasidan ko‘rsatmalarini o‘zimiz uchun eng asosiy vazifalar qilib belgilab oldik.

Ahmadali SHERNAZAROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?