Innovatsion rivojlanish vazirligi: Forsayt markazlarini tuzish uchun mablagʻ yetishmayapti

16:48 14 Avgust 2019 Jamiyat
129 0

Joriy yilning 13-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasida Innovatsion rivojlanish vazirligining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlarida koʻrsatilgan vazifalarni bajarish, ularga erishish masalalari koʻrib chiqildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Innovatsion rivojlanish vazirligining mutasaddi xodimlari, qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida baholash mezonlari asosida oʻtkazilgan tahlillar natijasi muhokama qilindi. Mazkur tahlillar natijasi 2019-yilning 2-choragi davomida bajarilishi lozim boʻlgan 9 ta banddagi 11 ta topshiriqning 4 tasi bajarilgan, 5 tasi bajarilayotgani, 2 tasi esa muddatidan kechikkan holda bajarilayotgani muhokamalarga sabab boʻldi.

Muddatidan kechikkan holda bajarilayotgan topshiriqlar forsayt markazlari va klasterlarga tegishlidir. Vazirlik mutasaddilari OTMlar qoshida Forsayt markazlarini tashkil etish hamda sanoat klasterlarini rivojlantirish boʻyicha yagona konsepsiyani ishlab chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar boʻyicha savollarga atroflicha javoblar berdilar. Forsayt markazlarini tuzish uchun mablagʻ yetishmayotgani qayd etildi. Oʻz navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining faoliyati, ulardagi muammolar muntazam ravishda forsayt usulida oʻrganilayotgani, oʻrganish natijalari tahlil etilib, tegishli chora-tadbirlar koʻrilayotgani haqida qoʻmitaga axborot berildi.

Sanoat klasterlarni rivojlantirish boʻyicha ham Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amaliy ishlar olib borilayotgani aytib oʻtildi. Bugungi kunda 16 ta paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterlarida jami 31 nafar olim — 8 nafar fan doktori, 21 nafar fan nomzodi va 2 nafar ilmiy xodim faoliyat koʻrsatayotgani qayd etildi.

Yigʻilish yakuni bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, baholash mezonlarida belgilangan maqsadli vazifalar ijrosini oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi va ularga erishishni taʼminlashga qaratilgan qoʻmita tavsiyalari aks etgan qaror qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?