Innovatsion rivojlanish vazirligi Britaniya Kengashining “Creative Spark” loyihasida hamkorlik qilmoqda

11:22 17 Yanvar 2019 Jamiyat
630 0

“Creative Spark” loyihasining asosiy maqsadi Buyuk Britaniya hamda Markaziy Osiyo (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston), Janubiy Kavkaz (Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya) va Ukraina davlatlarining universitetlari, taʼlim muassasalari oʻrtasida faol tadbirkorlik sohalarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro aloqalarni kengaytirishga qaratilgan besh yillik dastur boʻlib, talabalarda faol tadbirkorlik va tashabbuskorlik koʻnikmalarini shakllantirgan holda, jamiyatda kreativ iqtisodiyotni ravnaq toptirishga hissa qoʻshishdan iboratdir.

Kreativ iqtisodiyot yurtimiz uchun yangilik boʻlgani tufayli mazkur koʻnikmalarni mahalliy oliy taʼlim muassasalari talabalari ichida keng targʻib qilishda Innovatsion rivojlanish vazirligi yaqindan yordam beradi. Xususan, treninglar, oʻquv hamda amaliy mashgʻulotlar, mahorat darslari oʻtkazishda koʻmaklashadi. Pirovardida oʻquvchilarning faol tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun amaliy koʻnikmalarni egallashlariga erishilishi koʻzda tutilgan.

London Metropolitan University

Loyiha davomida joriy yilning yanvar — mart oylarida London Metropolitan University xodimlari va hamkor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik loyihalarini tayyorlash boʻyicha treninglar tashkil etiladi. Treninglarda faol qatnashgan talabalar oʻz start-ap loyihalarini maxsus komissiyaga taqdim qiladilar. Saralab olingan eng yaxshi loyihalar mualliflari esa londonlik ekspertlar tomonidan uyushtiriladigan oʻquv kursida ishtirok etib, oʻz loyihalarini yanada takomillashtirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Iyun oyida yakuniy saralash bosqichi oʻtkaziladi va eng yaxshi loyiha egasi oʻz loyihasini London shahrida investorlarga taqdim qiladi. Safar xarajatlari Britaniya kengashining “Creative Spark” uchun maxsus ajratilgan fondi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, faol qatnashchilar Britaniya kengashi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan ragʻbatlantiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?