Innovatsion rivojlanish vaziri “Belarus” yuqori texnologiyalar parki rahbari bilan muzokaralar olib bordi

16:39 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
78 0

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 11-sentyabr kuni “Belarus” yuqori texnologiyalar parkining Kuzatuv kengashi raisi Vsevolod Yanchevskiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga joriy yilning 31-iyul-1-avgust kunlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev “Belarus” yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishib, texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish boʻyicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan taklifni ilgari surgandi.

2005-yilda tashkil etilgan Belarus Yuqori texnologiyalar parki Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik AT-klasterlarlaridan biri boʻlib, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga imtiyozlar va imkoniyatlar beruvchi majmua hisoblanadi. Uni tashkil etishdan maqsad esa mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishdir.

I. Abdurahmonov Davlat rahbarining mazkur texnopark rezidentlari tajribasini yurtimizda tatbiq qilish tashabbuslarini bajarish muhimligini taʼkidladi.

– Belarusciyaning texnoparklar, inkubatorlar, startap loyihalarini amalga oshirish tajribasi Oʻzbekiston uchun oʻrnakdir, – dedi vazir. – Hamkorlikda yuqori texnologiyalariga asoslangan qoʻshma startap loyihalarni amalga oshirish yurtimiz startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, “Belarus” yuqori texnologiyalar parki rezidentlarimiz axborot-kommunikatsion texnologiyalarni eksport qiluvchi, Belarusning oʻzidan yoki xorijdan yangi investitsiyalarni jalb qiluvchi, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar yaratuvchi, kichik va istiqbolli loyihalarni rivojlantiruvchi, innovatsion muhitni shakllanishiga hissa qoʻshuvchi kompaniyalardan iboratdir.

V. Yanchevskiy yurtimizda taʼlimga va innovatsion rivojlanishga alohida ahamiyat qaratilayotganiga yuqori baho berdi.

— Dunyoda startap kompaniyalarining atigi oʻn foizigina daromad keltiradi, – dedi V. Yanchevskiy. – Ammo bizning texnoparkning rezidentlari va startap loyihalarining barchasi hozirda kiritilgan investitsiyadan bir necha oʻn baravar miqdorida daromad bermoqda. Buning sababi startap loyihalarga bizning oʻzgacha yondashuvimiz boʻldi. Biz shunchaki gʻoya bilan kelgan, tajribasiz loyiha mualliflariga emas, balki yirik mahalliy va yetakchi xorijiy kompaniyalarida tajriba orttirgan, oʻz sohasining yetuk mutaxassislari boʻlgan startapchilar moliyalashtirib, ularni qoʻllab-quvvatladik. Natijada birorta loyihamiz muvaffaqiyatsiz boʻlmadi.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Belarus” YUTP dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yoʻnalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi robototexnika hamda taʼlim va turizm sohalarida virtual reallik texnologiyasini qoʻllash borasida qoʻshma loyihalar amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Tomonlar tez surʼatlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga kelishdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?