Innovatsion ekoturizm klasteri: Buxoroda sahrolarning ertaknamo olamiga qanday sayohat qilish mumkin?

13:20 29 Avgust 2020 Welcome to uzbekistan
831 0

Buxoro viloyatida yangi tematik turistik obyekt sayyohlarga oʻz eshiklarini ochmoqda. Romitan tumanida joylashgan “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion ekoturizm klasteri, shubhasiz, hech bir sayyohni befarq qoldirmaydi.

Yillar davomida sahro bagʻrida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida yangi ekoturizm markazi tashkil etilib, uning loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, bugunga kelib ushbu turizm klasteri 25 turdagi sifatli va noyob xizmatlarni mijozlarga taqdim etishni yoʻlga qoʻydi. Maskanda hozirgi kunda 50 nafardan ortiq ishchi-xodimlar faoliyat yuritayotgan boʻlib, kelgusida ular safini yana-da kengaytirish va shu orqali mahalliy aholini qoʻshimcha ish oʻrinlari bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

“Bukhara Desert Oasis & Spa” majmuasi ayni paytda 500 nafar dam oluvchini oʻz bagʻriga sigʻdira oladi, lekin u yerda yana qoʻshimcha loyihalar ham bor. Rejaga koʻra, sahro bagʻridagi ertaknamo manzilning xizmatlar koʻlami bosqichma-bosqich kengaytirilib, ulkan tashabbuskorlik ishlari davom etmoqda.

«Boʻrontepa» tarixiy tepaligi yaqinida yangi turistik yoʻnalishlarini oʻzida mujassam etgan mazkur markaz Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 19-maydagi “2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

“Bukhara Desert Oasis & Spa” markazida qadimiy Varaxsha massivi, «Boʻrontepa» arxeologik yodgorligi, klaster hududi va Buxoro amiri Abdulahadxon chodiri boʻylab ekskursiya qilish, oʻtovda yashash, plyaj, massaj, yoʻltanlamas avtotransport vositalarida, kvadrotsiklda va tuyalarda qum barxanlari boʻylab sayohat, choʻl hayvonot bogʻi, ekologik bogʻ, innovatsion issiqxona, degustatsiya markazlariga tashrif, shuningdek milliy, qadimiy va Yevropa taomlari restorani, sahnalashtirilgan chiqishlar (Buxoro amiri qabuli), modalar namoyishi, konsert dasturi, yozgi kinoteatr, chilimxona, Suvenir doʻkoni va salqin ichimliklar bari kabi xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?