Innovatsion dasturlar hamkorlikda ro‘yobga chiqariladi

10:39 13 Iyun 2018 Siyosat
212 0
Foto: diplomaticourier.com

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni hayotga izchil tatbiq etish yo‘lida olib borilayotgan mustaqil va faol tashqi siyosat mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, iqtisodiyotimiz barqarorligini, xalqimizning tinch, osuda hayotini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda.

Shu o‘rinda mustaqil davlatimiz qisqa vaqt ichida tashqi siyosati borasida amalga oshirgan salmoqli ishlarni faxr bilan e’tirof etish o‘rinlidir. Binobarin, mamlakatimiz yetakchi xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha aniq natijalarga erishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisidagi ishtiroki va ilgari surgan tashabbuslari mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi hamda rolini yanada oshirdi, desak, ayni haqiqat.

Davlatimiz rahbari mazkur sammitdagi nutqida bir qator muhim masalalarni ilgari surdi. Jumladan, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish uchun eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish tartiblarini soddalashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosida agrosanoat klasterlarini yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida “yashil yo‘laklar” tarmog‘ini kengaytirish, SHHTga a’zo davlatlarning transport-tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish,yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, muqobil energetika va zamonaviy meditsina sohalarida innovatsion dasturlarni hamkorlikda ro‘yobga chiqarish masalalariga asosiy e’tiborni qaratdi.

Sindao sammiti yakunlari bo‘yicha 17 ta hujjat imzolandi. Aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi hamda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturining qabul qilinishi o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu masalalarni yechishda mamlakatimizning faol ishtirokini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Umuman aytganda, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining sammitida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, iqtisodiyotimizning barqarorligini ta’minlashga hamda Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Oybek JUMAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?