Hamkorlikdan qanday natijalar kutilmoqda?

11:52 10 Iyul 2018 Jamiyat
241 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Hozirgi kunda Islom taraqqiyot bankiga 57 ta davlat a’zo bo‘lib, tashkilot mana shu a’zo davlatlarning rivojlanishiga ko‘mak berib kelmoqda. Bank tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy mablag‘lar Yer kurrasining qariyb beshdan bir qismiga yetib boradi. Moliyaviy ko‘mak samarasini kuchaytirish maqsadida bank turli sohalarga o‘z e’tiborini qaratib kelmoqda. Jumladan, innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish bankning alohida diqqat markazidagi yo‘nalishlardan hisoblanadi. Zero, aynan ilm-fan, texnologiya va innovatsiya — iqtisodiy o‘sishning harakat kuchi, deya tan olingan.

Islom taraqqiyot banki Engage deb nomlangan innovatsiyalar bilan bozor imkoniyatlari va moliya resurslariga muvofiqlashtirish bo‘yicha onlayn-platformani ishga tushirgan. Shu bilan bir qatorda novatorlar, “start-ap“chilar, korporatsiyalarga barqaror ravishda moliyaviy mablag‘larni yo‘naltirish maqsadida maxsus Transform jamg‘armasi tashkil etilgan. Mazkur 500 million AQSH dollariga ega jamg‘arma jahon rivojlanishining global muammolarining innovatsion yechimlarini topishga qaratilgan.

Foto: “Xalq so‘zi”

Islom taraqqiyot banki prezidentining fan, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi professor Hayat Sulaymon Sindining Inovatsion rivojlanish vazirligiga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligini bo‘yicha a’zo davlatlarining hamkorlikdagi harakati konsepsiyasini ishlab chiqishda ITB imkoniyatlaridan foydalanish haqida muzokara olib borildi. Shuningdek, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega oltita kompyuter markazlaridan birini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish doirasida ITB bilan hamkorlik o‘rnatish va shu markaz bazasida Yosh olimlarning xalqaro islom markazini yaratish masalasi qo‘yildi. Bundan tashqari, Al-Xorazmiyning boy merosini ulug‘lash va ommalashtirish maqsadida yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi tashkil etish uchun moliyaviy-texnik va konsultativ ko‘mak kerakligi ta’kidlandi. Muqobil energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ham tajriba-innovatsion, ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish lozimligiga to‘xtab o‘tildi.

Islom taraqqiyot bankining maslahatchisi ham, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ham aslida biolog-olimlar bo‘lishgani ularning mas’ul lavozimlardagi vazifalarni hal etishdagi suhbati do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Sindi xonim Innovatsiya vazirligi tomonidan taklif qilinadigan loyihalarni ko‘rib chiqib, ularning muhimligiga qarab ITB tomonidan kreditlar, zayomlar, grant yoki boshqa maxsus mablag‘lar ajratilishi mumkinligini aytar ekan, innovatsiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, uning asosida biznes yuritish nafaqat O‘zbekiston uchun, balki ko‘plab mamlakatlar uchun yangilik ekani ham uchrashuv chog‘ida e’tirof etildi.
Shoyim BO‘TAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?