“INGOSSTRAX” va “INGO-Oʻzbekiston”: Yangi sugʻurta turlari va loyihalarni tatbiq etmoqda

17:48 29 Mart 2019 Jamiyat
275 0

Bugungi kunda mamlakatimizda koʻplab yirik sugʻurta kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Shulardan biri — Rossiyaning “INGOSSTRAX” kompaniyasi tarkibida 2008 yildan buyon ish olib borayotgan “INGO-Oʻzbekiston” kompaniyasidir. U sugʻurta mahsulotlarining keng qamrovini oʻz ichiga olgan universal xizmat portfeliga ega.

Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan Xalqaro moliya-bank forumi doirasida ushbu sugʻurta kompaniyalarining faoliyati, istiqboldagi rejalari, bu borada Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirishga bagʻishlangan anjuman tashkil etildi.

“INGO-Oʻzbekiston” kompaniyasi fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sugʻurtalash, avtotransport, mulk sugʻurtasi, sayyohlarni sugʻurtalash kabi oʻnlab sugʻurta turlarini amalga oshirishda yetakchilardan, deyish mumkin.

Kompaniyaning oʻtgan yilgi sugʻurta mukofotlari 24,5 foizga oʻsib, 27,8 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Amalga oshirilgan toʻlovlar miqdori esa 3,1 mlrd. soʻmga yetdi. Qolaversa, bugungi kunda kompaniyaning sugʻurta zaxiralari miqdori 27,2 mlrd. soʻm boʻlsa, aktivlari esa 59 mlrd. soʻmga teng.

Tadbirda qatnashgan “INGOSSTRAX” va “INGO-Oʻzbekiston” kompaniyalari rahbarlari yurtimizda sugʻurta bozorini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar hamda ushbu soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish borasida oʻz fikrlarini bildirdilar.

Mixail VOLKOV, “INGOSSTRAX” kompaniyasi bosh direktori:

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biridir. Xususan, sugʻurta xizmatlari bozorida ham. Shu bois kompaniyamiz mamlakatingizda bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad qilgan.

Biz nafaqat kompaniya filiallariga zarur maslahat va metodik yordam koʻrsatish, balki mintaqaviy bozorni taraqqiy ettirishga ham hissa qoʻshishga tayyormiz. Istiqbolda yangi sugʻurta turlari va loyihalarini tatbiq etish, “INGO-Oʻzbekiston” kompaniyasi xodimlarini qoʻllab-quvvatlash va malakasini oshirishni rejalashtirganmiz.

Baxtiyor GʻAYBULLAYEV, “INGO-Oʻzbekiston” kompaniyasi bosh direktori:

— Barcha hududda kompaniyamizning filiallari hamda 100 dan ortiq keng qamrovli agentlik tarmogʻi mavjud. Maqsadimiz mazkur tarmoqlarni rivojlantirish, mahsulot portfelini kengaytirish va eng asosiysi, xizmatlar sifatini yaxshilashdan iborat.

Bugungi kunda yurtimizdagi eng yaxshi oʻnga yaqin kompaniyalarda sugʻurta mukofotlarini yanada oshirish borasida ish olib boryapmiz. Buning uchun xalqaro tajriba asosida sugʻurta hamda zararlarni qoplash ishlariga sarmoyalar ham kiritmoqchimiz.

Tadbirda yana bir yangilikka toʻxtalib oʻtildi. Xususan, “INGO-Oʻzbekiston” kompaniyasi tomonidan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish segmentida ish boshlangani qayd etildi. Birgina, joriy yilning oʻtgan ikki oyi davomida 16,2 mlrd. soʻmlik 1300 ta shu turdagi polis rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, mehnat muhojirlari, xususan, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining sugʻurta himoyasini taʼminlash boʻyicha ijtimoiy loyihalar ishga tushirilishi haqida maʼlum qilindi.

Limitga koʻra, kompaniya 10 ming AQSH dollarlik majburiyatni oʻz zimmasiga oladi. Taklif etilayotgan ushbu turdagi sugʻurta tizimi baxtsiz hodisalarda, yaʼni jarohatlar, kuyishlar va boshqalarda birinchi tibbiy yordamni koʻrsatish, sugʻurtalangan shaxsning evakuatsiyasi hamda repatriatsiyasi, sugʻurtalangan shaxsni qidirish va qutqarish, oʻlim holatlari qayd etilgan taqdirda belgilangan summani qoplab berishni oʻz ichiga oladi. Shartnoma 90 kungacha tuzilishi mumkin.

Loyiha hamkori “Europe Assistance” kompaniyasi boʻlib, unda bir vaqtning oʻzida yagona aloqa tizimi orqali xizmatlar taqdim etiladi va “INGO-Oʻzbekiston” va “INGOSSTRAX” kompaniyalari ularni onlayn rejimda amalga oshirilishini nazorat qiladi.

Shuningdek, tadbirda sugʻurta sektorini rivojlantirish, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish tizimini isloh qilish, yangi turdagi sugʻurta xizmatlarini taqdim etish, mehnat muhojirlarini qoʻllab-quvvatlashga oʻxshash boshqa ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalarni yanada faollashtirish, bu borada xalqaro tajribalarni oʻrganish va qoʻllash masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: Rossiya sugʻurta tashkilotlari orasida yetakchi oʻrinni egallaydigan “INGOSSTRAX” kompaniyasi 1947 yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Kompaniya mulk sugʻurtasining barcha turlari, ixtiyoriy tibbiy sugʻurta, baxtsiz hodisalardan va kasalliklardan sugʻurta qilish, shuningdek, qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Kompaniya Rossiya Federatsiyasining 251 aholi punktida xizmat koʻrsatadi. Sugʻurtalovchining vakolatxonalari hamda filiallari yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida ish olib bormoqda.

Oʻtgan yilda kompaniya sugʻurta mukofotlari hajmi 1,6 trln., toʻlangan sugʻurta qoplamalari miqdori 460,8 mlrd., shuningdek, umumiy sugʻurta sohasida mukofotning miqdori 1,2 trln., hayotni sugʻurtalash sigmentidagi sugʻurta mukofotlari hajmi 0,4 trln. soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2017 yilga qaraganda 54,4 foizga koʻp, degani.

Rahim SHЕRQULOV (“Xalq soʻzi”).

 

Reklama huquqi asosida


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?