Imtiyozli orderlar bilan taʼminlash korrupsiyadan xoli boʻlishi kerak

14:57 28 Fevral 2020 Siyosat
186 0

Deputat fikri

Bugungi kunda aholi oʻrtasida tibbiyot sohasiga nisbatan ayrim eʼtirozlar paydo boʻlmoqda.

Shifoxonalarda oʻrinlar yetishmasligi, ixtisoslashgan markazlarda davolanish uchun imtiyozli orderlar juda kam ajratilishi norozilikka sabab boʻlayotgan holatlardan biridir. Ayniqsa, bemor bolalar uchun shifo oʻrinlari yetishmasligi tashvishlanarli.

Misol uchun, 2010-yilda har 10 ming bolaga 34,2 shifo oʻrni toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2018-yilga kelib, bu koʻrsatkich 24,6 ni tashkil etdi. Baʼzi viloyatlarda bu koʻrsatkichning juda kamligi bolalar salomatligiga yetarli eʼtibor berishga imkon qoldirmaydi. Jumladan, Surxondaryoda bolalarga ajratilgan shifo oʻrinlari har 10 ming bolaga 15,2, Xorazmda 18,2, Qashqadaryoda 20,1 ni tashkil etmoqda.

Amaldagi tartibga koʻra, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan aholi vakillari shifoxonalarda davolanish uchun bepul order olish imtiyoziga ega. Bu toifaga nogironligi boʻlgan shaxslar, yakka yolgʻiz yashovchilar, kam taʼminlangan oila vakillari kabi fuqarolar kiradi. Respublikamizdagi imtiyozli aholi soni imtiyozli orderlar soniga nomutanosibligi koʻplab noroziliklarga sabab boʻlmoqda.

Aholidan kelayotgan koʻplab murojaatlarda hamda odamlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda koʻtarilgan muammolarning salmoqli qismini imtiyozli orderlar masalasi tashkil etgani uchun yaqinda qoʻmitamiz tomonidan bu masala muhokamaga qoʻyildi. Masalani oʻrganish davrida viloyatlardagi holatni bilish uchun ular bilan bogʻlanishga harakat qildik.

Lekin bu oson boʻlmadi, chunki bir necha viloyatlarda imtiyozli order hisobini yurituvchi shaxslarni, boshqarma boshligʻini yoki uning oʻrinbosarlarini topish iloji boʻlmadi.

Olingan maʼlumotlarga eʼtibor berilsa, faqat Toshkent viloyatida haqqoniy ahvolni koʻrish mumkin. Chunki bu viloyatda aholining ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtojligini oʻrganish tizimli asosga qoʻyilgan.

Boshqa viloyatlarda ehtiyoj oʻrganilmasligiga guvoh boʻldik. Masalan, Jizzax viloyatida 2020-yil uchun aholidan faqat 37 nafar bemor ixtisoslashgan travmatologik-ortopedik yordamga muhtoj boʻlsa, birorta bolaga bunday yordamning keragi yoʻq ekan. Bu hududda 2019-yilda bolalar travmatologiyasiga ehtiyoj 63, deb belgilangan lekin 120 order ajratilgan.

Hozirgi kunda oʻlim sabablarining asosiy qismini kardiologik bemorlar tashkil qilib, bu kasallik bilan ogʻrigan bemorlar imtiyozli order masalasi boʻyicha koʻplab shikoyat qilishiga qaramay, 2020-yil uchun Jizzax viloyatida ehtiyoj 6 dona, deb belgilangan. Xuddi shuningdek, urologik kasalliklar ham hisobga olinmagan.

Sirdaryo viloyatida ham kardiologik va urologik bemorlarning hisobi va statsionar davolanishga muhtojligi oʻrganilmagan. 2020-yilga ehtiyoj 2019-yilda order olmagan bemorlar sonidan iborat qilib belgilangan. Umumiy aholi soni 3 milliondan ortiq boʻlgan Andijon viloyatida ham imtiyozli davolanishga muhtoj boʻlganlarga yetarli eʼtibor berilmagan.

Ixtisoslashtirilgan ilmiy amaliy markazlarda bemorlar asosan pulli ravishda davolanadi, lekin bu narx qanday belgilanadi, qaysi koʻrsatkichlar asosida kalkulyatsiya qilinishini tushuna olmadik. 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahridagi bir qancha shifoxonalardagi narxlar oʻrganib chiqilgan. Masalan, travmatologiya ortopediya — oddiy palata ovqatdan tashqari 134 ming soʻm, lyuks palata — 160 ming bir kunga, tibbiy tekshiruvlar alohida. akusherlik va ginekologiya oddiy palata — 285 ming soʻm, lyuks — 447 ming soʻm, ovqat, muolaja alohida. Boshqa markazlarda ham xuddi shunga oʻxshash raqamlarni koʻrish mumkin.

Umuman aytganda, aholiga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatishni takomillashtirish hamda statsionar davolanish uchun orderlar bilan taʼminlanishni adolatli, korrupsiyadan xoli shaklda tashkil etish zarur. Buning uchun imtiyozga ega, markazda davolanishga muhtoj bemorlarning elektron roʻyxatini yuritish va onlayn tizimi orqali orderlar bilan taʼminlanishini yoʻlga qoʻyish, tibbiy tanlov komissiyalarida jamoatchilik nazorati va deputatlar ishtirokini taʼminlash, markazlardagi xizmatlar narxlarini qayta kalkulatsiya qilish, 2004-yilda qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarni zamon talabiga koʻra, qayta koʻrib chiqish, Moliya vazirligi orqali imtiyozli bemorlar uchun moliyalashtirishni toʻliq hajmda bajarish maqsadga muvofiq. Shu oʻrinda qayd etish joizki, mazkur masala qoʻmitamiz tomonidan qatʼiy nazoratga olinadi.

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari

qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?