Importni cheklash – milliy iqtisodiyotning rivojlanishini cheklashdir

17:58 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
79 0

2019-yil 22-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida parlament yuqori palatasi qoʻmitalarining majlislari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga koʻra, Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisida import qilinayotgan mahsulotlar hajmi va unga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, import mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hisoboti eshitilgan.

Hisobotga koʻra, ayrim vazirlik va idoralar, hududiy korxonalar, jismoniy shaxslar tomonidan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oʻxshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan tovarlar importini amalga oshirish davom etmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 878,8 million dollarga teng boʻlgan oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar import qilingan. Jumladan, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzeltexsanoat” AJ, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Olmaliq KMK tomonidan respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oʻxshash tovarlar importi amalga oshirilgan.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi import qilinayotgan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oʻxshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan tovarlarni qanday aniqlagan?

Millionlab olib kirilayotgan tovarlarning har biri, Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulot texnik xarakteristikasi bilan import qilinayotgan oʻxshash tovarning xarakteristikasi va standartlari birma-bir solishtirilganmi? Yoki har bir tovarda laboratoriya solishtirish sinovlarini oʻtkazganmi? Tabiiyki, yoʻq. Bunday qilishning umuman fizik jihatdan imkoni ham yoʻq.

Tajribadan maʼlumki, vazirlik import qilinayotgan tovarlarni tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodi orqali ajratib, mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar kodi bilan solishtiradi.

Bu birinchidan, yuqoridagi tahlil va tanqid oʻta iqtisodiy saviyasizlik bilan amalga oshirilganligini bildiradi. Agar, deylik, TIF tovarlar nomenklaturasi kodi 10 ta belgigacha aniqlikda solishtirilganda ham ularni bir xil tovar deya olmaymiz, toki ushbu tovarlarni tegishli standartlarini solishtirmaguncha yoki laboratoriya sinovlarini oʻtkazmaguncha. Misol uchun, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yoritgich (lampochka) bilan, gaz plitalarini duxovkasiga ishlatiladigan oʻtga chidamli yoritgich (lampochka)larni qanday qilib bir xil tovar deb qabul qilib, uni importini cheklash mumkinmi?

Umuman, qachongacha “ibtidoiy” usulda importni cheklash orqali iqtisodiyotni rivojlanishini “boʻgʻamiz”. Nimaga, import qilayotgan korxona davlatga bu bir xil tovar emasligini isbotlash uchun qoʻshimcha vaqt va qoʻshimcha mablagʻ sarflab, ekspertiza qildirishi kerak? Ularning ushbu jarayon orqali paydo boʻladigan moliyaviy-iqtisodiy zararini kim qoplab beradi? Tadbirkorlik subyektlarini erkin ishlashini taʼminlay olishni eplamayotgan boʻlsak, hech boʻlmasa ularning faoliyatiga xalaqit bermaslikni iloji yoʻqmi?

Xorijiy davlatlarda tadbirkorlik subyektlariga biron-bir soliq yoki statistika hisobotini topshirish kerakligi toʻgʻrisidagi ularga yoʻllangan xat joʻnatilsa, ularning moliyaviy faoliyatiga zarar yetkazmaslik uchun ularning javob yozib joʻnatishiga ham pul toʻlangan boʻladi. Bizda esa nimaga tadbirkor hisobot topshirish uchun yoki boshqa ishni bitirish uchun ayrim hollarda 250-300 kilometr yoʻl bosib tuman markaziga oʻz mablagʻi hisobidan kelib ketishi kerak?

Qaysi tovarni import qilish, qaysi tovarni import qilmaslikni bozorning oʻzi belgilab berishi kerak emasmi? Bozor iqtisodiyoti qonuniyatlariga qachongacha qarshi boramiz? Qachon iqtisodiyotni erkinlashtiramiz, bozor iqtisodiyotiga byurokratik toʻsiqlar va davlat aralashuvini qachon toʻxtatamiz?

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bunday “ibtidoiy” usuldagi, saviyasiz tahlillarni olib borishi oʻrniga, har bir soha va tarmoq boʻyicha, yaʼni bu avtosanoat sohasi boʻladimi yoki toʻqimachilik sanoatimi, umuman barcha tarmoq boʻyicha alohida chuqur iqtisodiy tahlil va tadqiqot olib borib, kerakli yechim va chora-tadbirlar ishlab chiqishi muhimroq emasmi? Agar, bu borada vazirlikda yetarli saviya va tajriba boʻlmasa, dunyodagi yuqori reytinglarga ega konsalting kompaniyalarini jalb qilish lozim deb hisoblaymiz.

Bunda avvalambor, mavjud holat, infrastruktura va salohiyat chuqur tahlil qilinishi va keyingi navbatda esa har bir tarmoqda qanday mahsulotlar import qilinayotganligi, ularning narxlari, tannarx tarkibi, transport, logistika va boshqalar chuqur tahlil qilinishi va undan keyingina kerakli tadbirlarni amalga oshirishi lozim. Demoqchimizki, biz qaysidir tovarni sunʼiy ravishda cheklab turishimiz bilan mamlakatimizda ishlab chiqarish uchun har tomonlama “nomuvofiq” boʻlgan tovarni kirib kelishining oldini ololmaymiz, aksincha bu bilan maʼlum muddat iqtisodiyotni rivojlanishini toʻxtatib turamiz, xolos.

Shuningdek, Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabarida yana aytilishicha, “import hajmining mahsulotlar kesimidagi tahlili tashqi savdoni tarif va notarif boshqarishga ehtiyoj oshib borayotganligini koʻrsatmoqda”.

Shu oʻrinda, xorijiy amaliyotga koʻra, importni cheklash, tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish, qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida toʻxtalib oʻtmoqchimiz.

Birinchidan, importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish raqobati cheklangan savdo, sanoat va moliya tarmoqlarida ichki monopoliyalarning paydo boʻlishi va ularni qoʻllab-quvvatlanishi uchun qulay sharoit yaratadi.

Ikkinchidan, ushbu jarayon iqtisodiy oʻsishni sekinlashtiradi. Sababi, yuqori tariflar tashqi savdoning pasayishiga olib keladi, bu esa global iqtisodiyot va mamlakat farovonligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish mamlakatning oʻz-oʻzini yakkalanishiga, zamondan orqada qolgan, qimmat ishlab chiqarishning saqlanib qolishiga olib keladi. Mamlakatning turli sohalarda ixtisoslashuvining shakllanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Erkin savdo – har bir mamlakat oʻzining turli xil salohiyatlarini (masalan, geografik) toʻliq anglab etgan holda, eng kam xarajatli va raqobatbardosh sanoatni ajratib olish va rivojlantirish imkoniyatiga ega. Importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish bunga yoʻl qoʻymaydi, yaʼni ichki bozorning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish uchun resurslarni samarali va samarasiz tarmoqlar oʻrtasida qayta taqsimlash zarur boʻlib qoladi.

Uchinchidan, importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish narxlarning pasayishiga yordam bermaydi. Yuqori tariflar tufayli import qilinadigan mahsulotlar qimmatlashadi. Narxlarning umumiy tarzda, ommaviy tusda oʻsishiga olib keladi. Yuqori tariflar isteʼmolchilar mahalliy mahsulotlarni yuqori narxlarda sotib olishlariga olib keladi, chunki importni cheklash xarajatlarning pasayishiga va shu bilan bir qatorda narxning pasayishiga olib kelmaydi. Pirovardida, narxlarni oshirishdan manfaatdor boʻlgan milliy monopoliyalar qoʻllab-quvvatlanadi.

Toʻrtinchidan, importni cheklash va tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish – bevosita va bilvosita mamlakatning eksport salohiyatini kamaytiradi. Eksport qilinadigan tovarlar, oʻz navbatida import qilinadigan tarkibiy qismlarni oʻz ichiga oladi va yuqori tariflar ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga olib keladi. Bu esa narxlarning oshishiga, milliy tovarlarning raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

Beshinchidan, tariflarning bir tomonlama joriy etilishi, koʻpincha, xalqaro amaliyotda savdo urushlariga va xalqaro savdoning pasayishiga olib keladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni raqobatchilardan arzon mahsulotlar oqimidan himoya qilish uchun bir tomonlama tartibda import tarifini joriy qilgan mamlakat oʻzining savdo sheriklari tomonidan oʻch olish choralarini koʻrish va asosiy eksport mahsulotlariga soliqlarni joriy qilish xavfini tugʻdiradi.

Oʻz navbatida, milliy iqtisodiyotni mustahkamlash uchun importni cheklash, tashqi savdoni tarif va notarif boshqarish orqali emas, balki zamonaviy iqtisodiy usullar yordamida, yaʼni quyidagi chora – tadbirlarni amalga oshirish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab quvvatlash va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin deb hisoblaymiz.

Milliy ishlab chiqaruvchilarni raqobatbardoshligini oshirish, bunda milliy ishlab chiqaruvchilarga energiya manbalari va mavjud xomashyolardan samarali va erkin foydalanishiga shart-sharoitlar yaratish; milliy ishlab chiqaruvchilar uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, temir yoʻllarning va avtomobil yoʻllarining sifatini oshirish, elektr taʼminoti sifatini oshirish; energiya infratuzilmasini rivojlantirish va iqtisodiyotning energiya samaradorligi oshirish; transport tizimining raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatini amalga oshirish; milliy ishlab chiqaruvchilar uchun maqbul, imtiyozli kommunal va transport tariflarini belgilash lozim.

Fan, milliy innovatsion tizim va texnologiyalarni rivojlantirish, innovatsion biznesni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotda innovatsiyalarga talabni kengaytirish, kichik va oʻrta innovatsion biznesni yaratish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan innovatsion biznesni tashkil etish va rivojlantirishdagi maʼmuriy toʻsiqlarni qisqartirish va kichik va oʻrta biznes innovatsiyalariga oʻtish uchun talablarni shakllantirish orqali tadqiqotlar va ishlanmalar uchun davlat buyurtmalarini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi texnologik qoloqlikni kamaytirish maqsadida institutlar, universitetlar va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish talab etiladi.

Bu borada yuqori saviyali texnologik bilimga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb etish ham muhim ahamiyatga ega.

Yana bir jihati shundaki, yuqori texnologiyali va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish, ichki bozorga yoʻnaltirilgan va mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mos keladigan loyihalarda mahalliy korxonalariga berilgan kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini byudjetdan subsidiya qilish orqali mahalliy korxonalarga uzoq muddatli kreditlar hajmini oshirish uchun sharoit yaratish kerak.

Shu bilan birga korxonalarni texnik qayta jihozlash uchun texnologik uskunalarni lizingga berish tizimini takomillashtirish, shu jumladan lizing toʻlovlari qiymatining bir qismini toʻlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratish darkor.

Yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun moliya institutlari tomonidan kredit berish amaliyotini kengaytirish ham zamon talabidir. Sanoat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda soliq imtiyozlaridan foydalanish; innovatsion ishlanmalarni, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlash bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirishni ragʻbatlantirish, mamlakat iqtisodiyotining energiya samaradorligini oshirish muammosini hal qilish doirasida yangi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish ham muhim ahamiyatga ega.

Milliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishini qoʻllab-quvvatlash, eksportni ragʻbatlantirish, bunda keng koʻlamli bojxona islohotlarini amalga oshirish, jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi protseduralar sonini qisqartirish, ayrim talab qilinadigan hujjatlarni (ekspertiza, sertifikatsiya) bekor qilish, bojxona stavkalarini kamaytirish lozim.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatda tekshirish va nazoratni kamaytirish, tadbirkorlar va bojxona organlari xodimlari oʻrtasidagi aloqani minimallashtirish, eksportni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlarini taqdim etish, eksportni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmini joriy etish maqsadga muvofiq boʻladi.

Furqat Yunusov,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha koordinatori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?