Import qilingan mahsulot ichki bozorda 3‑5 barobarga qimmatga sotilayotgani sababi aytildi

17:53 23 Avgust 2019 Iqtisodiyot
231 0

Kecha Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisida import qilinayotgan mahsulotlar hajmi va unga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, import mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining xisoboti ham eshitildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal innovatsion rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar sanoatning yetakchi tarmoqlariga investitsiya kiritish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar salohiyatini oshirishni taqozo etmoqda. Bunda importga texnologik qaramlikni kamaytirish oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Zero bu bozorda faoliyat yuritish bilan bogʻliq moliyaviy xatarlarni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yoʻnalishida qoʻyilgan muhim qadam boʻldi. Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining takliflari asosida respublika tarmoqlari va mintaqalari boʻyicha korxonalarda mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarning (xizmatlarning) yangi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirishni amalga oshirish, Mahalliylashtirish dasturini shakllantirish, uning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoringni taʼminlash vazifasi yuklatilgan. Bu yoʻnalishda qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani majlisda alohida qayd etildi.

Biroq respublikamizda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi oʻzlashtirilayotgan boʻlsa-da, ayrim vazirlik va idoralar, hududiy korxonalar, jismoniy shaxslar tomonidan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oʻxshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan tovarlar importini amalga oshirish davom etmoqda.

Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 878,8 mln. dollarga teng boʻlgan oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar import qilingan. Jumladan, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzeltexsanoat” AJ, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Olmaliq KMK tomonidan respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oʻxshash tovarlar importi amalga oshirilgan.

Majlisda taʼkidlanganidek, import hajmining mahsulotlar kesimidagi tahlili tashqi savdoni tarif va notarif boshqarishga ehtiyoj oshib borayotganligini koʻrsatdi. Xususan, respublika importidagi bojxona bojlarining amaldagi tarif stavkalari oʻrtacha qiymati 5,6 foizga teng boʻlib, mahsulotlarning 62,7 foizi uchun nol stavkalari koʻllanilib kelinmoqda. Bu oʻz navbatida, respublikamizdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga salbiy taʼsir etib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdan koʻra chetdan tayyor mahsulotlar olib kirilishini ragʻbatlantirmoqda.

Qolaversa, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan yetarli darajada nazorat olib borilmayotganligi sababli ayrim tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari mahsulotlar bojxona qiymatini kamaytirib, baʼzi hollarda esa koʻpaytirib koʻrsatishlari natijasida import qilingan mahsulot ichki bozorda 3‑5 barobarga qimmatga sotilmoqda.

Shu kabi muammolar hamda olingan maʼlumotlar tahlilidan kelib chiqib, majlisda mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, bozorni oʻzimizda ishlab chiqarilgan sifatli tovarlar bilan toʻldirish, tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlarning hajmlarini oshirish, import qilinayotgan mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, ularni mahalliylashtirish boʻyicha belgilangan vazifalarning Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ijro etilishi talab darajasida emasligi qayd etildi. Xususan, nazorat yoʻqligi va tegishli choralar koʻrilmaganligi natijasida joriy yilning birinchi yarmida tarmoq korxonalari tomonidan umumiy qiymati 340 mln. dollar boʻlgan 8 ta obyekt ishga tushirilishi taʼminlanmagan.

Majlisda mavjud muammolar yechimi xususida soʻz yuritilar ekan, import qilinayotgan mahsulotlar hajmini aniqlash, ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning mavjud holatini har bir vazirlik va idora, mahalliy hokimiyatlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar darajasida oʻrganib chiqib, dolzarb vazifalar yechimini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish lozimligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, bu yoʻnalishda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida xabardorlik darajasini oshirish maqsadida “on-line” axborot almashuv tizimini joriy etish zarurligi ham aytib oʻtildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masala yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirilib, Qoʻmita qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?