Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

20:38 06 Aprel 2020 Jamiyat
1226 0

arxiv foto

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Resspublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanadi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk vatandoshimiz Imom Moturidiy va moturidiy allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va kiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish;
  • Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarimizning kalom ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
  • islom dinining insonparvarlik mohiyati, uning maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish;
  • mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarimizning kalom ilmiga oid merosi hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan qoʻlyozma, toshbosma asarlarning acl hamda elektron nusxalarini toʻplash va ularni kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;
  • islom ilmlari, xususan kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan anjumanlar konferensiya, simpozium, koʻrgazma va ilmiy maʼruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
  • tadqiqot natijalari yuzasidan qomuslar, kataloglar, albomlar, ilmiy-ommabop hujjatli filmlar, axborot-resurs bazasini tayyorlash va ommaviy axborot vositalari, xususan, Internetda eʼlon qilishni tashkil qilish;
  • islom tarixi va kalom ilmi yoʻnalishidagi yangi tadqiqotlar natijalaridan ilmiy jamoatchilikni keng xabardor etish;
  • “jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan asossiz xurujlarning oldini olish, shuningdek, mutaassiblik, ekstremizmning maqsadlari, gʻoyaviy negizlari, zamonaviy koʻrinishlari va faoliyat uslublarini oʻrganish va ularga qarshi kurashning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qoʻllash uchun tavsiya etish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?