Imom Buxoriy markaziga Buyuk Britaniyadan yangi kitoblar keltirildi

14:25 03 Fevral 2020 Madaniyat
216 0

Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” islom merosi jamgʻarmasi tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga dunyo fondlarida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma asarlarning kataloglari va boshqa manbalardan iborat yuzga yaqin kitoblar toʻplami hadya qilindi.

Shu munosabat bilan markazda oʻtkazilgan taqdimot tadbirida yigʻilganlar ushbu kitoblar toʻplamidan oʻrin olgan asarlar, kataloglardagi muhim maʼlumotlarning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtishdi.

Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan qisqa davr mobaynida buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish va keng targʻib etish, xorijiy davlatlardagi nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bu ishlarning samarasi oʻlaroq ayni paytda dunyoning 24 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.

- Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” fondi bilan yoʻlga qoʻyilgan yaqin hamkorlik natijasida yaqinda mazkur fond tomonidan markazimizga dunyoning turli mamlakatlaridagi kutubxonalarda saqlanayotgan nodir qoʻlyozma asarlarning kataloglari va boshqa manbalardan iborat yuzga yaqin kitoblar toʻplami hadya etildi, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. – Bu kitoblar orasida arab, turk, fors tillaridagi noyob qoʻlyozmalar, kataloglar borki, ular yordamida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning asarlari haqida maʼlumot olish, ularning qayerdagi saqlanayotganini bilish mumkin. Misol uchun, Burkina Faso, Kot-d´Ivuar singari Afrika davlatlari, shuningdek, Yevropaning bir qator mamlakatlarida nashr etilgan kataloglar yordamida ushbu yurtlardagi kutubxona va qoʻlyozma fondlarda saqlanayotgan asarlar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlamiz. Bu esa ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy merosini oʻrganish va tadqiq etishga yordam beradi.

Shuningdek, tadbirda Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakulteti tomonidan markazga taqdim etilgan Imom Moturidiyning 18 jildlik “Taʼvilotul Qurʼon” asari ham eʼtirof etib oʻtildi. Turk tilidagi ushbu asar islom olamidagi muhim manbalardan biri hisoblanishi qayd etib oʻtildi. Shu bois, ayni paytda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ushbu asarni oʻzbek tiliga oʻgirish boʻyicha tarjima ishlari olib borilayotganligi maʼlum qilindi.

Marosimda joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludiga 1150-yil toʻlishi va shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqida ham maʼlumot berildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?