Imo-ishoralar orqali gaplashadiganlar uchun yangi innovatsion gʻoya

11:03 21 Yanvar 2019 Jamiyat
660 0

Illyustrativ foto

Joriy yil nomi – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” shunchaki jarangdor emas, balki moddiy va maʼnaviy taraqqiyotning posangisini teng ravishda olib borishga qaratilgan adolatli siyosatning oʻziga xos ifodasi hamdir. Hamjihatlilik, uygʻunlik va ijtimoiy himoya – 21-asrda insoniyatning fundamental qadriyatlaridan biri ekanini BMT ham eʼtirof etgan, – deydi Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi.... – Bugun dunyo miqyosida 650 million nogironlar boʻlsa, ularning 320 million nafari zaif etishuvchilar va soʻzlash imkoniyatidan mahrum shaxslardir. Qashshoq davlatlarda 90 foiz bu toifadagi yoshlar maktabga umuman bora olmayapti.

BMTning Nogiron shaxslarning huquqlari haqidagi Konvensiyasi 30-moddasida “Nogironlar ularning alohida madaniyati va til jihatdan oʻziga xosligidan kelib chiqib, boshqalar qatori tan olinishi va qoʻllab-quvvatlanish huquqiga ega”, deb yozib qoʻyilgan.

Eng eʼtiborlisi, jamiyatimizdagi maxsus ehtiyojga ega bu kishilar oʻzaro juda tez birikadi, individuallikdan koʻra, jamoaviylik koʻngillariga maʼqul va oʻz hamjamiyati uchun juda qaygʻurishadi. Ularni alohida ajralib qolishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, ular bilan muttasil ishlash ikki yildirki Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatida eng ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda.

Imo-ishora tilini yuridik maqomga ega boʻlishi borasida dunyoda koʻpdan buyon qizgʻin kurash ketmoqda. Masalan, Yangi Zelandiyada ularga davlat tili maqomi berilgan va qani, buni istamaganlar bu meʼyorni bir buzib koʻrishsin-chi...

Ming afsuski, bu toifadagi fuqarolarning huquqlari oʻzimizda har qadamda buzilayotgani bizni jiddiy tashvishga solib kelmoqda. Tibbiy xizmat muassasalarida, umumiy ovqatlanish shahobchalarida, jamoat transportida, hujjatlarni rasmiylashtirishda, savdo doʻkonlarida, banklarda, kommunal toʻlovlarni toʻlashda qoʻyingchi, deyarli barcha joyda ularning huquqlari kamsitilmoqda, desak sira mubolagʻa emas.

Darhaqiqat, surdo tarjimonini topish biydek sahrodan daraxt izlashday mushkul ish boʻlib qolgan sharoitda ular oʻz haq-huquqlarini, arziyu nomasini mutasaddilarga qanday qilib yetkazishadi?

Yaqinda ishchi guruhlari bilan viloyatlarning biriga safarim chogʻida Prezidentimizning Oliy Majlisdagi murojaatnomasini nima uchun bizga imo-ishora tilida koʻrsatishmadi, deya otasi orqali bergan savoliga ochigʻi javob berishga qiynaldik.

Bir qarashda oddiy gap, ammo ular soni respublikamizda 30 mingga yaqin. Biz albatta, bu borada televideniye rahbariyatiga oʻz tavsiyamizni kuni-kecha yoʻlladik. Taniqli jurnalist Quddus Aʼzamovning “Munosabat” tok-shousida yaqindan boshlab, bu jihat ham eʼtiborga olina boshlagani quvonarlidir.

Yangi yildan federatsiyamiz tizimida bir yangilikka qoʻl urildi. Endi eshitish qobiliyatiga ega boʻlmagan va soʻzlash imkoniyatidan butunlay mahrum shaxslarning ham haq-huquqlarini toʻliq himoya qilina boshlaydi.

Hozir dunyo miqyosida stenoyozuv, deb atalgan yangi texnologiyasi keng urfga kirmoqda. Bu eshitish qobiliyatidan mahrum insonlarning axborot olish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Murojaatchi endilikda bizga oʻz arzini bemalol imo-ishora tilida yetkazishi mumkin boʻladi. Oʻzbekiston “Veteran” Jangchi-faxriy nogironlar birlashmasi qoshidagi “IT-UZ” tomonidan yaratilgan maxsus dastur orqali “koll-sentr”imizdagi surdo tarjimon u nima deyayotganini mutaxassislarimizga tushuntirib beradi.

Muammoni joyida hal qilamiz. Planshetga oʻrnatiladigan va internet orqali ishlaydigan ushbu dasturni rossiyalik mutaxassis Aleksey Melnik oʻylab topgan boʻlib, uni Xushnud Ergashev Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirgan. Hozirda 20 ta ana shunday dasturlarni xarid qilib, barcha hududiy boʻlimlarimizga oʻrnatdik. Surdo menejeri Goʻzal Rahmatullayeva esa murojaatchilarga onlayn tarzda tezkor xizmat koʻrsatadi.

Bu shubhasiz, imkoniyati cheklanganlarning xizmatlar va axborotdan foydalanish sifatini yaxshilaydi, inson huquqlarini taʼminlaydi, jamiyatdagi boshqa shaxslar bilan muloqotini osonlashtirib, ijtimoiylashuvini va himoyasini kuchaytiradi. Ular ham elga nafi-foydasi tegishga qodir qodir ekanliklariga ishonib, koʻngli yuksaladi. Axir paraolimpiyachilarimizning futbol boʻyicha olamshumul gʻalabalari ular qanchalik salohiyatli ekanligini yaqqol koʻrsatgan edi-ku.

Menimcha, muammoga kompleks yondashish lozim.

Birinchidan, qadimiy va hamisha betakror yurtimizga chet ellik sayyohlar soni yil sayin ortib bormoqda. Mana bu yil qariyb 5 million xorijlik keldi. Fursat oʻtib, 10 million, 20 millionga ham yetadi, albatta. Ammo ular orasida gapira olmaydigan mehmonlarga kim “yoʻl koʻrsatuvchi”lik qiladi? Ularga boy tariximizni qanday yetkazamiz, mehmonxonada, oshxonada, madaniyat muassasalarida qanday xizmat koʻrsatiladi?Transport, jamoat joylari va meʼmoriy obyektlarda biror muammoga duch kelishsa, ular huquqlari qanday himoya qilinadi?

Ular imo-ishoraning ingliz yoki boshqa tillarida soʻzlasa, bizning surdo tarjimonlar bu tilni tushunmasa, juda ogʻir vaziyat yuzaga kelyapti-ku. Surdo tarjimonlariga ehtiyoj yanada ortmoqda va ularni Turizm qoʻmitasi alohida markazlarda oʻqitishni yoʻlga qoʻyishi lozim.

Ikkinchidan, biz joylardagi davlat xizmatlarini koʻrsatish markazlarida ushbu dasturlarni oʻrnatish boʻyicha Adliya vazirligi qoshidagi agentlik rahbariyati bilan muzokaralar olib borish istagidamiz. Chunki, bunday markazlar ushbu toifadagi shaxslarning ham muammolarini oson va tez hal qilish maskaniga aylanishidan barchamiz manfaatdormiz. Shu tariqa ularga xizmat koʻrsatish yaxshilanadi.

Uchinchidan, ularning aksariyati moddiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlib qolmoqda. Toʻgʻri, nafaqasi tayin-kuya, biroq ish berilsa, eplab ketadiganlari ham koʻp. Jamiyat uchun kerakli inson ekanligini his qila boshlasa, qudratli kuchga aylanadi. Ular bilan tizimli ishlanmagani sababli norgʻul yigit qizlar oʻzi tushunib-tushunmay hatto missionerlik yoʻnalishiga kirib ketayotganlari ham uchrab turadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Vaqf” fondi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan Toshkentdagi “Koʻkcha” jome-masjidida yaqinda ilk marotaba surdo tarjimoni yordamida diniy maʼruzalarni yetkazish boʻyicha innovatsion loyiha yoʻlga qoʻyildi. Bu xayrli tashabbus nafaqat MDH doirasida, balki arab va musulmon olamida ham oʻziga xos yangilik deb baholanib, katta xalqaro aks-sado berdi.

Toʻrtinchidan, respublikamizda 6 ta ixtisoslashgan maktab internatida ushbu guruhga mansub yoshlar oʻqitilmoqda. Ammo undan taʼlim olish tizimi mavjud emas. Ular qaysi oliy taʼlim dargohida tahsil olishlari mumkin? Qaysi universitetimizda loaqal birorta surdo tarjimoni darslarni tushuntirib berayotganini uchratmaymiz. Oliy oʻquv yurtlarida surdo tarjimonlik fakultetini ochish u yoqda tursin, joʻyali birorta kurslar ham tashkil etilmagan.

Milliy imo-ishora tilini albatta rivojlantirishimiz kerak. Ular maʼnaviy olamini boyitish uchun badiiy adabiyotlarni ham samarali usulda yetkazishimiz kerak.

Beshinchidan, bugun Oʻzbekiston tashabbuslar va gʻoyalar markaziga aylanayotgan sharoitda poytaxtimiz Toshkent shahrini global surdo markaziga aylantirish uchun qulay vaziyat paydo boʻldi. Inha va Axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda ilgʻor kompyuter dasturlarini yaratish mumkin. Qarorgohi Xelsinkida joylashgan Xalqaro karlar federatsiyasiga ham qoʻshilishimiz kerak.

Har yili sentyabr oyining toʻrtinchi haftasi Xalqaro zaif eshituvchilar haftaligi deb eʼlon qilingan. Bu sanada respublika miqyosida keng tadbirlar oʻtkazish mumkin.

Prezidentimiz nogironligi bor va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qismlarini uy-joy va boshqa moddiy neʼmatlar bilan taʼminlab berayotgani zamirida ularning jamiyatimizda teng huquqli va kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmasligini tasdiqlashi bilan ham ahamiyatlidir.

Binobarin, biz eshitish va soʻzlash imkoniyati cheklangan insonlar bilan sivilizatsiyaviy madaniyat darajasidagi muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali nafaqat Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ va nufuzini, imijini mustahkamlaymiz, balki adolatli va insonparvar davlat qurish sari dadil qadam qoʻyamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?