“Imkon” imkonsizlarga ham imkon beradi

19:42 04 Aprel 2019 Jamiyat
736 0

Foto: AOKAdan olindi.

Prezidentimizning Orolboʻyiga har bir tashrifi hududda istiqomat qilayotgan odamlar hayotiga yangicha mazmun va yorugʻlik olib kirmoqda. Zero, bugungi yangilanishlardan mamnunlik, ertangi kunga ishonch ularning yuz-koʻzida namoyondir.

Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 16 avgustdagi “Orolboʻyi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan davlat ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.

Nukus shahrida ana shunday yuksak gʻamxoʻrlikning ifodasi sifatida “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A. Abduvahobov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Yerniyazov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T. Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A. Shin, mazkur loyiha muallifi Shahnozaxon Mirziyoyeva mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, bu borada hech kim eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan chetda qolmayotganini alohida taʼkidlashdi.

Aytish joizki, mamlakatimizda birinchi ushbu ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi har xil jismoniy nuqsoni boʻlgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha taʼlim va sogʻlomlashtirish reabilitatsiyasi bilan taʼminlashga ixtisoslashtirilgan.

Xorijiy va mahalliy investorlarning begʻaraz yordamida amalga oshirilgan ikki qavatli muassasa standart xonalardan tashqari, basseyn, davolash-jismoniy tarbiya zali, 2 ta fizioterapiya xonasi, 2 ta massaj xonasi, sensor xonasi, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy moslashish, musiqa va art-terapiya xonasi, ortoped, psixolog, pediatr, diyetolog, logoped, reabilitolog, psixonevrolog, metodist va navbatchi shifokor xonalari bilan taʼminlangan.

 

 

— Orolboʻyi mintaqasida bolalar salomatligi masalasi dolzarb boʻlib qolmoqda, — deydi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin. — Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2018 yilning 1 yanvar holatiga 7 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalar soni 2013 yildagiga nisbatan 17,5 foiz oshgan. Shu tufayli ushbu muassasa Prezidentimiz tashabbusiga koʻra tashkil etildi.

Taʼkidlash kerakki, bu yerdagi bolalar ilgari ijtimoiy-madaniy muhitga aralasha olmas edi. Ular hayotining asosiy qismini uyda oʻtkazardi. Ana shularning oldini olish maqsadida Nukus shahrida erta aralashish tamoyilini amalga oshirishni boshladik.

Maʼlumki, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsoni boʻlgan bolalar uchun esa mashgʻulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega. Shudan kelib chiqib, ushbu maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish yoshi 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirildi.

Eʼtiborlisi, muassasa Orolboʻyining chekka hududlarida yashovchi bolalar uchun haftasiga 5 kun faoliyat yuritadi. Kunning birinchi yarmida tarbiyalanuvchilar maxsus malakali tarbiyachilar bilan oʻquv dasturi boʻyicha shugʻullansa, kunning ikkinchi yarimda sogʻlomlashtirish-reabilitatsiya muolajalaridan oʻtadilar.

— Markazimizga tanlov asosida 70 nafar xodim ishga olindi, — deydi muassasa mudirasi Nursuluv Xudaybergenova. — Ular Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlarida malaka oshirdilar. Markazga Orolboʻyi tumanlari hamda Xorazm viloyatidan salomatligida nuqsoni bor 2,5 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 150 nafardan ziyod bolalar tibbiy koʻrik orqali tanlab olindi. Hozir ular koʻrish, eshitish, gapirish hamda aqliy jihatdan 4 guruhga boʻlingan holda tarbiyalanmoqda.

Markazning korreksion-taʼlim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajyorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostyumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, “Saundbim” tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskunalar bilan jihozlangan. Oshxona maxsus kvarsli shkaflar bilan taʼminlangan boʻlib, bu idish-tovoqlarning doimiy dezinfeksiyalanib turilishida ahamiyatlidir.

— Qizim mustaqil harakatlana olmaydi, — deydi nukuslik Eleonora Ibadullayeva. — Ushbu muassasaga qizimni qabul qilib olishar ekan, bu yerda yaratilgan qulayliklar, sharoitlarni koʻrib, rosti, quvonchdan yigʻladim. Chunki Prezidentimizning gʻamxoʻrligi tufayli endi mening qizim ham haqiqiy hayotga aralashadigan boʻldi. Barchasi uchun minnatdorman.

Hidoyat Ahmedov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?