Ilm, maʼrifatli va zamonaviy bilimli avlod Oʻzbekiston taraqqiyotining mustahkam tayanchidir

15:12 22 Iyun 2020 Jamiyat
257 0

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligi aytildi. Shuningdek, taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda, deyiladi.

Ichki ishlar vazirligi tizimidagi oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarida ham Prezidentimiz ilgari surgan dolzarb vazifalarga alohida eʼtibor qaratib kelinadi.

Jumladan, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Bunda kunduzgi taʼlim shaklining muddati uch yil etib belgilangan holda olinadigan oliy maʼlumot magistr darajasiga tenglashtirildi.

Akademiya kunduzgi taʼlim shakliga har yilgi qabul kvotasi 600 kishini, sirtqi taʼlim shakliga esa 200 nafar ichki ishlar organlari xodimlarini tashkil etishi belgilandi.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab, IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish faqat IIVning akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari tarkibidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, IIV Akademiyasida ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun sirtqi taʼlim shakli joriy etildi va unda oʻqitish muddati oliy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar uchun 4 yil, oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun toʻlov-kontrakt asosida 3 yil etib belgilandi.

Qolaversa, “Tergov faoliyati”, “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Ekspert-kriminalistik faoliyat” mutaxassisliklariga qoʻshimcha ravishda yangi “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash faoliyati”, “Xizmat faoliyatini psixologik taʼminlash”, “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” va “Jinoyatlarni oldini olish va fosh etish faoliyati” mutaxassisliklari joriy etildi.

Ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur boʻlgan yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk yoshlarni tarbiyalash hamda IIV Akademiyasiga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta IIVning akademik litseylari tashkil etildi.

Ragʻbat muvaffaqiyatga undaydi. Shu maʼnoda, akademiyada ichki ishlar vaziri stipendiyasi taʼsis etildi. Bu esa yoshlarni yana-da chuqur bilim olishga chorlamoqda.

Hozirgi kunda, IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim shaklida (1 va 2-kurslarda) 1 263 nafar kursant (shundan 1 142 nafari oʻgʻil 
va 121 nafari qizlar) taʼlim olmoqda.

“Maʼmuriy huquq”, “Siyosiy huquqiy-taʼlimot”, “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati”, “Xizmat faoliyati psixologiyasi” va “Yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash” kafedralari yangi tashkil etilib, jami kafedralar soni 21 taga yetkazildi.

Akademiya sirtqi taʼlim shaklida 1 085 nafar tinglovchi (shundan
183 nafar oliy maʼlumotli, 902 nafar oʻrta, oʻrta-maxsus maʼlumotli, ularning 741 nafari ichki ishlar, 344 nafari boshqa vazirlik va idoralarning xodimlari) tahsil olmoqda.

Ichki ishlar organlari uchun yuksak kasb mahoratiga ega, maʼnaviy va axloqiy talablarga javob beradigan rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti tashkil etildi.

Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim fakulteti joriy etilib, qator ixtisosliklar boʻyicha tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik shakllarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Akademiyada 29 nafar fan doktori, 59 nafar falsafa doktori (fan nomzodi) hamda 21 nafar professor va 57 nafar dotsentlar ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanmoqda.

Taʼlim muassasasi professor oʻqituvchilari, tadqiqotchilari va kursantlariga xorijiy tillarni chuqurroq oʻrgatishni tashkil etish maqsadida Chet tillar markazi ishlab turibdi.

Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligining Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi.

Harbiy-akademik litseyga oʻqishga oʻquvchilar 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab qabul qilinadilar. Harbiy-akademik litseyda oʻqish muddati ikki yil boʻlib, har yili 100 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi.

Qisqacha aytganda, ichki ishlar vazirligiga qarashli taʼlim muassasalarida vatanparvar, ilm, maʼrifatli, eng muhimi zamonaviy bilimlarni puxta egallagan kadrlar kamol topmoqda.
Bahodir MATLYUBOV, 
Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi boshligʻi, 
general-leytenant

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?