“Illatlardan ertaga emas, bugun voz kechish kerak!”

07:35 16 Fevral 2019 Jamiyat
452 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi”ning joriy yil 19-yanvar sonida filologiya fanlari nomzodi Toʻlqin Eshbekning “Xaltayevmi yoki Xoltoyev?” nomli maqolasi eʼlon qilingan edi. Unga gazetxonlar oʻz munosabatlarini bildirishmoqda. Ulardan birini eʼtiboringizga havola etamiz.

“Tarixan arab tilidan qabul qilingan “sharif” kalimasi ona tilimizda muqaddas, moʻtabar, aziz, tabarruk kabi maʼnolarni ifodalaydi. “Ismi sharif” Allohning muborak 99 ismi va paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning son-sanoqsiz goʻzal taxalluslarini anglatishi inobatga olinadigan boʻlsa, uni “otasining ismi” — “otchestvo” maʼnosida qoʻllash toʻgʻri emasligi oydinlashadi.

Rivoyat qilishlaricha, Odam Ato jamiki mavjudotlar ismlarini burro-burro talaffuz qilib, maʼnolarini batafsil izohlab berganlari sababli farishtalar birin-ketin unga sajda qilishgan ekan. Ota-onalari ne-ne orzu-niyatlar bilan aziz farzandlariga qoʻygan goʻzal maʼnoli ismi shariflarning adabiy til qoidalariga zid ravishda ruschaga moslashtirilgan holda rasmiy hujjatlarga muhrlash, shu maʼnoda, kechirib boʻlmas xato hisoblanadi. OAV va kitoblar sahifalarida, telekoʻrsatuvlarda oʻsha hujjatlarni asoslagan holda takrorlab boraverish bilan ham aslo murosa qilib boʻlmaydi.

Haqiqatan ham, Xoltoyevning Xaltayevga aylantirilgani kabi xatoliklar Taxtayev — Toʻxtayev, Tarayev — Toʻrayev, Abesxanov — Abbosxonov, Apakxadjayeva — Oppoqxoʻjayeva, Boriy — Boʻri, Gopor — Gʻaffor, Marat — Murod, Abid — Obid ekanligida ham koʻzga yaqqol tashlanadi.

Bundan tashqari, tilimizda, yozma manbalarda deyarli 1,5 ming yil mobaynida Tohir, Zohir, Sohib, Rahim singari toʻgʻri yozilib va talaffuz qilib kelingan ismlarimiz Toir, Toyir, Taxir, Tair; Zoir, Zoyir, Zoxir, Zair, Zaxir; Soib, Soip, Soyip, Soyib, Saxib, Saip; Rayim, Raim, Rem, Raxim boʻlib ketayotgani ona tilimizga davlat tili maqomini berish yoʻlidagi qizgʻin bahslarda chetdan turib tirnoq ostidan kir qidiradiganlarning “oʻzbeklar adabiy til normalarini bilmasliklari sababli adabiy tilda oʻz fikrlarini ifoda eta olmay, hattoki, oʻz ism-familiyalarini ham xato yozish va notoʻgʻri talaffuz qilishga koʻnikib qolishgan, shuning uchun bu til davlat tili maqomini uddalashga qodir emas”, degan iddaolarini bilib-bilmay maʼqullayotgandek taassurot uygʻotadi.

Til amaliyotidan uzoq boʻlgan “sof nazariyotchi”lar emas, balki ijodkorlar — shoir-yozuvchi, muharrir, tarjimonlar chinakam til fidoyilari ekanligini tarix isbotlagan. Shunday ekan, Vazirlar Mahkamasi huzurida “Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi yuzasidan nazorat olib boruvchi maxsus inspeksiya mana shunday kishilardan tuzilmogʻi lozim. Zar qadrini zargar biladi — “Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi toʻla taʼminlansagina, ismi shariflarimiz oʻz nafosatini loqaydlik, beparvolik illatlaridan xalos boʻlishimiz evaziga tiklab oladi. Aks holda, “Davlat tili haqida”gi Qonunning barcha jabhada toʻliq ijrosi uchun bu muddat ozlik qiladi, deguvchilar yana ertani kutib kun koʻrishdan nariga oʻta olmaydilar. Zero, xitoylik buyuk faylasuf Konfutsiy “Illatlardan ertaga emas, bugun voz kechish kerak!” deganda ming bora haq edi.

Yusuf ESHONQULOV, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?