Ilhom Haydarov: “Toshkentda Osiyo paxtani tadqiq qilish va ishlab chiqish tarmogʻi yigʻilishini oʻtkazish – mamlakatning toʻqimachilik sanoatidagi yutuqlari eʼtirofidir”

18:08 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
150 0

Illyustrativ foto

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 9-13-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “Global toʻqimachilik kunlari Toshkent 2019” (Global Textile Days Tashkent 2019)ga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Anjuman Prezidentning 2019-yil 12-fevraldagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

Tadbirda “Oʻztoʻqimasanoat” uyushmasi rahbarlari ishtirok etishdi.

Mutasaddilarning taʼkidlashlaricha, “Global toʻqimachilik kunlari” kabi keng koʻlamli tadbir Toshkentda birinchi marta tashkil etilmoqda. Butun hafta Oʻzbekiston va jahon toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishga bagʻishlanadi. Forum doirasida toʻqimachilik, moda va mashinasozlik sanoatining soʻnggi yutuqlari namoyish etiladi. Haftalikning eng yirik tadbirlari: Xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan Osiyo paxtani tadqiq qilish va ishlab chiqish tarmogʻining 8-yigʻilishi; “Uzbekistan Textile Conference” Xalqaro toʻqimachilik anjumani; “UzTextile Expo 2019” Xalqaro toʻqimachilik va moda koʻrgazmasi; “Tashkent Textile Machinery Exhibition” toʻqimachilik mashinalari Toshkent koʻrgazmasi va boshqalar.

“Oʻztoʻqimasanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarovga koʻra, 2000-yilda Oʻzbekistonda ilk paxta boʻyicha anjuman oʻtkazilgan boʻlsa, joriy yilda bu tadbir xalqaro miqyosda oʻtkazilmoqda. Bu esa Oʻzbekiston xom-ashyo eksportchisidan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot yetkazib beruvchiga aylanganini anglatadi.

“Bizning sanoat toʻla tashqi mahsulot yetkazib berishga yoʻnaltirilgan. 2018-yil yakuniga koʻra, eksport bir milliard olti yuz million dollardan oshgan. Ishonchimiz komilki, bu yil bu koʻrsatkich ikki milliardga yetadi, — dedi Ilhom Haydarov. — Bunday oʻsish, albatta eʼtiborsiz qolmadi va Xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi (bosh qarorgohi Vashingtonda) navbatdagi 8-yigʻilishni Toshkentda oʻtkazishga qaror qildi. Tadbirlarda dunyoning yetakchi paxta yetishtiruvchi davlatlari – AQSH, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa mamlakatlardan olimlar, ilmiy tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etishadi. Umid qilamizki, anjuman davomida olingan maʼlumotlar sabab, biz yangi istiqbolli ishlanmalarni amalga oshirishimiz mumkin».


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?