“Ilhaq” boʻlgan davr yoxud film urush davrini qay darajada ochib bera oldi?

01:03 12 May 2020 Madaniyat
2172 0

Har qanday film estetik zavq baxsh etishi bilan birga maʼnaviy ozuqa ham berishi kerak. Ana shunda u kuchli kinoasarga aylanadi. Tomoshabin kartina qahramonlari kulganda kulib, yigʻlaganida birga yigʻlasa, dardu gʻamini oʻzinikiday his qilsa ana shu uning katta yutuqlaridan biri boʻladi. 9-may Xotira va qadrlash kunida telekanallarda ilk bor namoyish etilgan “Ilhaq” badiiy filmi ham oʻzida shu kabi jihatlarni namoyish eta oldi. Undagi bir qator yutuqlardan yana biri yangi qiyofalarning kashf etilishida. Ammo yutuqlar bilan birga kamchiliklarni ham aytish joizki, bu keyingi pogʻonalarda xatolarga qayta yoʻl qoʻymaslikka, bundan-da baland asarlar yaratilishiga katta yordam beradi. Keling, bu haqda mutaxassislar va tomoshabinlar fikrlariga quloq tutamiz.

Ilmira Rahmatullayeva, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi:

– Filmni avval tomoshabin, keyin mutaxassis sifatida ikki marotaba tomosha qildim. Shunda anglab yetdimki, har qanday tomoshabin birinchi marta filmni koʻrganida hayajon bilan koʻradi, unga kamchiliklari koʻrinmaydi. Keyingi safarlarida esa tafakkur bilan koʻradi, oʻylaydi, tahlil qiladi. Urush haqidagi kinolar koʻp, ulardan eng shedevrlari etib “Sen yetim emassan”, “Jangga keksalar kiradi”,“Hur qizlar” kabi filmlarni aytishimiz mumkin. Ularni oq-qora tasvirda olingan boʻlsa ham 30-40 yildan buyon sevib tomosha qilamiz. Asl boʻyoqdorlik yillar oʻtsa ham xira tortmaydi. “Ilhaq”da toʻq koʻk ranglardan foydalanilgani sanʼatshunos sifatida eʼtiborimni tortdi va maʼqul keldi. Ranglar mavzuga mos tushgan, rassom mahorati sezilgan. Ammo ayrim sahnalar urush mavzusida suratga olingan ilgarigi filmlardagi anʼanalarni eslatadi.

Masalan, qahramonlarning qamalda qolishi va “Qargʻalar uchsa qaraylik...” qoʻshigʻini aytib, dushmanni chaqirishi biroz boʻrttirilgan va bu kabi sahnalar urush mavzusida suratga olingan boshqa filmlardagi ayrim sahnalarni ham yodga soladi. Bir soʻz bilan aytganda, ona obrazi, ayollar obrazi urush sahnalariga nisbatan koʻproq haqqoniy, ishonarli ochib berilgan. Shunga qaramay, soʻnggi paytlarda avj olgan sayoz filmlar ichidan yarq etib chiqqan “Ilhaq” oʻzbek kinosini maʼlum maʼnoda bir pogʻonaga koʻtara oldi, deb aytish mumkin.

Filmda Yusuf hamda Zulayho oʻrtasidagi muhabbat chiroyli tasvirlangani, ularning begʻubor dialoglari bugun ijtimoiy tarmoqlarda takror va takror eʼtirof etilgan va etilayotgani sir emas. Biroq Yusufning sevgilisi obrazini yaratgan aktrisa ijrosi ayrim joylarda “oqsab qolgan”. Masalan, qiz va ona oʻrtasidagi dialogi ketar ekan, toʻsatdan qizning aqldan ozish holati kishini biroz oʻylantiradi. Bunda aktrisaning ijro mahorati ham maʼlum maʼnoda yetmagan, desak yanglishmaymiz.

Beruniy Alimov, Filologiya fanlari boʻyicha falsafa fanlari nomzodi:

– Film tarixiy biografik asar (uning asosiy qiymati ham shunda). Butun insoniyat tarixidagi mudhish sahifa birgina ayol va uning besh nafar farzandi hayoti orqali ochib berilgan. Shunga qaramay, dialoglarda xomroq joylar yoʻq emas. Ayrim joylarda tomoshabinning ogʻziga non chaynab berilganday. Kanal qazishda (dastlabki sahna) nomiga ishlayotgan odamlar koʻrinadi, urush ketayotgan shaharda (oxirrogʻida) ayrim odamlar rol oʻynayotganini sezdirib qoʻygan (rejissyorning shuncha baqir-chaqiriga qaramasdan).

Shu oʻrinda qahramonlar taqdiridagi maʼlum jihatlar ayrim badiiy asarlar qahramonlari taqdirini eslatadi. Masalan, kinoda raisning oʻgʻli qochoq Melis “Ufq” trilogiyasidagi Tursunboyning qismatini, film soʻnggidagi ona urushning soʻnggi qurboni sifatida gavdalantirilishi ham ayrim adabiyotlardagi qahramonlar qismatini eslatishi singari jihatlar ham filmda yoʻq emas. Ammo bu kabi kamchiliklar filmni qoniqarsiz baholashga sabab boʻla oladimi?

Muhayyo Ismoilovafilologiya fanlari nomzodi:

– Filolog sifatida qahramonlar dialogi menga juda yoqdi. Har bir qahramon soʻziga katta yuk yuklatilgan. Toʻgʻri, bugun ijtimoiy tarmoqlarda film yutuqlari bilan birga kamchiliklari ham koʻp bor taʼkidlanyapti. Ammo bu bilan filmni boshdan oyoq “yaroqsiz”ga chiqarib boʻlmaydi. Men kinoshunos emasman. Biroq tomoshabin sifatida shuni ayta olmanki, urush lavhalaridan koʻra urush orti tasvirlari koʻproq taʼsirli ifodalangan. Urushning naqadar ulkan fojia ekani, gʻalaba tatimasligi, umuman, urushda gʻolib boʻlish ham minglab, millionlab taqdirlarning sinishi, yaqinlarni yoʻqotish evaziga boʻlishi Zulfiya ona, Hidoyat, Muhammadjon, raisning ayoli kabi qahramonlar taqdirlari misolida ishonarli koʻrsatilgan.

Tomoshabin yuragini larzaga solgan yana bir obraz bu – xat tashuvchi. Aslini olganda oʻsha davrda tinch yashash uchun kar, koʻr va soqov boʻlib yashashga toʻgʻri kelgan, desak mubolagʻa boʻlmas. Ushbu qahramon goʻyo shu davrning majoziy qiyofasini, qismatning achchiq taʼmini ifoda etgan.

Mahliyo Toʻraboyeva, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi:

– “Ilhaq” orqali 9-may sanasi faqat dam olish kuni emas ekanini koʻpchilik anglab yetdi. Birgina Yusuf va Zulayhoning begʻubor dialogi yoki Zulfiya onaning uyidan uzoqroqda, soy boʻyiga kelib yigʻlagani, vafot etgan bolalarining ismini bir-bir aytib qilgan faryodi har qanday tosh yurak insonni ham yigʻlatadi. Goʻyoki, bir barmogʻimga tikan kirsa beshalasi barobar ogʻriydi, degan falsafiy, badiiy, tabiiy ayni damda ogʻriqli holatni aks ettirgan...

Bugun xalq orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda katta eʼtibor va eʼtirofga sazovor boʻlgan “Ilhaq” filmi oʻzbek kinosidagi yaxshi yangilik boʻldi. Uning, ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan alohida eʼtirof etilishi keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. “Isteʼdodli yosh rejissyor Jahongir Ahmedov suratga olgan ushbu ajoyib filmni men juda katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildim. Xalqimiz hayotining eng ogʻir, eng fojeali davriga bagʻishlangan bu asar tom maʼnoda qahramonlik qasidasi boʻlib, har qanday odamning ham qalbini larzaga soladi. Dahshatli urush tufayli beshta bahodir oʻgʻlidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaq, yaʼni intizor boʻlib kutgan Zulfiya Zokirova siymosida oʻzbek onalari, oʻzbek ayollariga mansub eng buyuk fazilatlar nihoyatda teran ifoda topgan,” deydi davlatimiz rahbari. Ushbu yuksak eʼtibor hamda eʼtirof kelgusida bundan-da baland kinoasarlar taqdim etishda kino ijodkorlarga qanot bagʻishlashi va bu yoʻlda tomoshabinlarni ilhaq qilmasligiga umid qilamiz.

Yulduz Oʻrmonova tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?