Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi oldidan: Buyuk jasorat hech qachon unutilmaydi

18:33 21 Fevral 2020 Jamiyat
2854 0

Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabada halqimizning ham munosib hissasi bor. Urush arafasida Oʻzbekistonda 6,5 million aholi yashagan boʻlsa, shundan 1 million 500 mingdan ziyodi frontga safarbar etilgan.

Ikkinchi jahon urushi xalqimiz boshiga ham qora kunlarni soldi. Hamyurtlarimiz insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli urushda mardlarcha jang qildi, qanchadan-qanchasi olovli janggohlarda halok boʻldi, qanchasi yurtimizga yarador, nogiron boʻlib qaytdi. Koʻplab bolalar yetim qoldi. Yurtimiz aholisi ocharchilik, yoʻqchilikdan qattiq azob chekdi. Biroq shunday qiyin damlarda ham xalqimizning qaddi bukilmadi. Qiyinchilikka bardosh berdi.

Ana shunday ogʻir damlarda ayrim oʻzbek oilalari turli millatga mansub bolalarni oʻz bagʻriga qabul qilib, yetimlarning boshini siladi, bir burda nonini ular bilan baham koʻrdi. Bu xalqimiz tomonidan koʻrsatilgan buyuk jasorat, insoniylik va bagʻrikenglikning chinakam namunasi edi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekistonga Rossiya, Ukraina, Belarus va boshqa respublikalardan minglab aholi koʻchirib kelingan. Arxiv jamgʻarmalarida saqlanayotgan hujjatlarda urush yillarida Toshkent shahriga 30 dan ortiq turli millat vakillari koʻchirib keltirilganligi qayd etilgan. Chunonchi, 1941-yil sentyabr — 1942-yil avgust oylari oraligʻida poytaxtimizga joʻnatilganlar soni 76 943 kishini tashkil qilgan.

Jumladan, 1942-yilning fevral oyida Toshkent shahri 16 — 59 yoshlardagi 12 ming 71 nafar erkak, 24 ming nafar ayol, 7 ming 500 ga yaqin yosh bolalar, 6 ming 583 oʻsmirni oʻz bagʻriga olgan. Shulardan 13 ming 126 nafari ish bilan taʼminlanib, 4 ming 600 kishiga 138 ming rubllik moddiy yordam koʻrsatilgan. Ularning hammasi uy-joy, oziq-ovqat bilan taʼminlangan. 1941-yil dekabrdan — 1942-yil 17-noyabrgacha Toshkentga koʻchirilgan 33 ming 348 nafar aholiga yashash uchun 349 444 m2 joy ajratilgani maʼlum.

Shahar arxivida 1942-yil yanvarda minglab yosh bolalar Toshkent shahriga koʻchirib keltirilib, Mehribonlik uylariga joylashtirilganligi, oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisidagi materiallar saqlanmoqda. Oʻsha yilning 2-yanvarida oʻtkazilgan xotin-qizlar yigʻilishida minglab ayollar qatnashgan. “Oʻzbekistonda boshpanasiz, onalik mehri va eʼtiboridan bebahra qolgan birorta ham bola boʻlmasligi kerak!”, degan shior ostida oʻzbek ayollari koʻplab yosh bolalarni oʻz qaramogʻiga olgan.

Arxivda, shuningdek, Toshkent shahar xalq taʼlimi boʻlimining voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy himoyalash va yetim bolalarni qaramoqqa olish boʻyicha majlis qarorlari saqlanadi. 1941-yil 3-dekabrdagi 102-qaror hujjatida qayd etilishicha, tikuvchilik fabrikasi ishchisi V. Ye. Reynboym Isak (15 yosh), Yakov (13 yosh) va Mariya (11 yosh) ismli bolalarni oʻz tarbiyasiga olib, oʻz farzandlari bilan birga 6 nafar bolani voyaga yetkazgan.

Shuningdek, Oktyabr rayoni, Jarariq koʻchasi, 138-uyda istiqomat qilgan temirchi Shoahmat Shomahmudov va uning rafiqasi Bahrixon Akromova (Shomahmudova)ning 1942-yil 14-iyulda Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qiluvchi boʻlinma (SPON)ga yozgan arizasida mazkur oila bolalar uyidan toʻrt nafar bolani farzandlikka olganliklari qayd etilib, Toshkent shahar yosh bolalar uyidan 1941-yilda tugʻilgan bir yoshlik Vladimirni ham farzandlikka olish istagi bayon qilingan. Ular bolalarni oʻz farzandlaridek tarbiyalab, kelajakda imkoni boricha yaxshi ota-ona boʻlish majburiyatini boʻyniga olganlar.

Umuman, Shomahmudovlar urush yillarida yetim va qarovsiz qolgan jami 13 bolani va urushdan soʻng yana 3 bolani tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ular orasida rus, belarus, moldovan, ukrain, latish, qozoq, tatar, chuvash, yahudiy, oʻzbek bolalari boʻlgan. Shomahmudovlar bolalarni mehr-muhabbat bilan tarbiyalab, oʻqitganlar. Aytish joizki, Shomahmudovlar oilasi insonparvarlikning yuksak namunasini koʻrsatgan oila sifatida tarixda qoldi.

Shuningdek, arxiv jamgʻarmalarida koʻchirib keltirilganlarning bandligini taʼminlash haqidagi hujjatlar ham mavjud. Koʻchirish boʻlimiga Oʻzbekistondagi korxona va muassasalardan mutaxassis kadrlar zarurati haqidagi soʻrovnomalar yuborilgan. Ularga asosan, koʻchirib keltirilgan fuqarolarning mutaxassisliklari oʻrganilib, ular ish bilan taʼminlangan.

Moskva, Leningrad, Odessa, Kirovograd kabi shaharlardan kelgan fuqarolarning Toshkentga doimiy roʻyxatga qoʻyish borasidagi arizalari ham qanoatlantirilgan.

Manbalarda Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlari kengashining 1943-yil 3-martdagi qarori ijrosiga koʻra, evakuatsiya qilingan aholiga 300 ming rublga teng moddiy yordam mablagʻi ajratilganligi haqida maʼlum qilingan.

Arxivdagi hujjatlardan birida 1943-1944-yillarda Leningrad shahri va Leningrad viloyatidan evakuatsiya qilingan fuqarolarning roʻyxati oʻz aksini topgan. Roʻyxatda ishchi va xizmatchilar haqidagi asosiy maʼlumotlar qayd etilgan. Shuningdek, arxiv jamgʻarmalarida mazkur yillarda Rossiyaning boshqa turli shaharlaridan koʻchirib keltirilgan 2 ming 335 fuqaroning roʻyxati ham mavjud.

Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi va Xalq komissarlari kengashining qarorlari, Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi raisining maʼruzalari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining oila aʼzolari bilan yozishgan xatlarida nemis bosqinchilariga qarshi bir jonu bir tan boʻlib qaqshatqich zarba berish uchun rus, ukrain, belarus, oʻzbek, gruzin, yahudiy, qozoq va turkmanlar birlashib, oyoqqa turganliklari, turli millat vakillari hamjihat boʻlganliklari haqidagi maʼlumotlar ham yoritilgan.

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, vaqt oʻtib borgani sari Ikkinchi jahon urushi yillarida chinakam insoniylik namunasini koʻrsatgan yurtdoshlarimizning gʻalabaga qoʻshgan hissasi qadri ortib boraveradi. Xalqimiz ularning tinchlik yoʻlidagi buyuk jasoratini aslo unutmaydi.

Mashhuraxon DARMONOVA,

OʻzRFA Tarix instituti

katta ilmiy xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?