Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga pul mukofotlari topshirildi

16:04 02 May 2019 Jamiyat
1299 0

Foto: "Xalq so'zi"

Buxoro tumani “Turkon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fayzulla Hojiyevning hayotida esda qolarli kunlar koʻp uchragan. Ammo bu safargisi oʻzgacha boʻldi.Otaxonning shinam hovlisiga viloyat va tuman hokimliklari, “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, harbiy xizmatchilar, maktab oʻquvchilari, qoʻni- qoʻshnilar toʻplanishdi. Bu yerda Fayzulla ota bilan Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida uchrashuv oʻtkazildi.

-19 yoshimda frontga ketganman, - deydi otaxon. - Urush degan soʻzni aytgim ham kelmaydi.Shunday tinch, farovon kunlarga yetkazganiga shukr.Yurtimizdagi tinchlikka koʻz tegmasin, xalqimizning boshiga Prezidentimiz sogʻ – omon boʻlsin.

Turmush oʻrtogʻi Muhabbat Rahmatova bilan besh oʻgʻil, besh qizni oq tarab, oq yuvib voyaga yetkazgan Fayzulla ota ayni damda 97 yoshda. Qirqdan ziyod nevara – yu evara ardogʻida yurgan otaxonning koʻngli bu diydorlashuvdan togʻdek koʻtarildi.

Uchrashuvda viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida ajratilgan yetti million besh yuz ming soʻm miqdoridagi pul mukofotini Fayzulla otaga tantanali tarzda topshirdi.Shuningdek, otaxon viloyat hokimligi tomonidan ham moddiy ragʻbatlantirildi.Tabarruk yoshdagi urush va mehnat faxriysiga qimmatbaho sovgʻalar ham berildi. Bayramona ruhda kechgan tadbirda ona – yurt, tinchlik, mustaqillikni ulugʻlovchi sheʼr, kuy – qoʻshiqlar yangradi.

Farmon ijrosi doirasida xuddi shunday tadbirlar viloyatning turli goʻshalarida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Homid Tursunov, Nazar Sherov, Hasan Shonazarov, Karim Roziqov xonadonlarida ham boʻlib oʻtdi.

Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?