Ikkilamchi resurslardan samarali foydalanish — zamon talabi

08:13 25 Iyun 2018 Jamiyat
297 0
Illyustrativ foto

Yaqinda parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Deputatlar tomonidan qabul qilingan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish kiritishni nazarda tutuvchi qonun ham shular jumlasidandir.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda iqtisodiyot, sanoat shiddat bilan rivojlanib, mamlakatda ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, respublikamizning shahar hamda qishloqlarida arzon uy-joylar, ijtimoiy soha va suv ta’minoti obyektlarining qurilishi, temir yo‘l hamda avtomobil yo‘llari infratuzilmalarining izchillik bilan bunyod etilishi ham fikrimizning yorqin tasdig‘idir. Albatta, mazkur jarayonda xom ashyoga, jumladan, qora metallga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. Qonun ushbu xom ashyoga bo‘lgan talabni qondirish va sifatli mahsulot tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining amaldagi 2191-moddasi tahririda faqat rangli metallar, ularning parchalari hamda chiqitlarini tayyorlash, xarid qilish, foydalanish va sotish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, qora metallarga taalluqli ana shunday qoidabuzarliklar uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda qora metall parchalari hamda rezgi-chiqitlarini tayyorlash, sotib olish, ulardan foydalanish va sotish qoidalari buzilishining oldini olish hamda bunday qoidabuzarliklar uchun ham javobgarlik choralari belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda muhokama etilishidan avval Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhida mutaxassislar, tegishli davlat organlari vakillari ishtirokida atroflicha tahlil qilindi. Bugungi kunda qora metall parchalari hamda rezgi-chiqitlarini qayta ishlash asosida sifatsiz metall mahsulotlari tayyorlash, yig‘ish va sotish holatlarining mavjudligi, shuningdek, bu borada qabul qilingan qoidalarning buzilish holatlari ham uchrab turganligi ushbu qonunning ishlab chiqilishiga sabab bo‘ldi.

Mamlakatimizda keng miqyosda olib borilayotgan qurilish hamda bunyodkorlik ishlarida sifatli metalldan foydalanish masalasi ustuvordir. Shu ma’noda, yurtimizda ishlab chiqarilgan metall mahsulotlari sifati akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar tekshiruvidan o‘tkazilib, texnik reglament talablariga javob berishi lozim. Chunonchi, qurilish va bunyodkorlikda qo‘llaniladigan metall mahsulotlarining sifati xavfsizlik masalalari bilan ham chambarchas bog‘liq.

Qo‘mitada o‘tkazilgan muhokamalarda deputatlar, soha mutaxassislari hamda ekspertlari qonun normasida belgilangan javobgarlikning yurtimizda metall mahsulotlari bilan ishlovchi hunarmandlar va boshqa tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga salbiy ta’sir etmasligiga, asosiy masala qora metall parchalari hamda rezgi-chiqitlarini tayyorlash, sotib olish, ulardan foydalanish va sotish qoidalarini buzayotgan shaxslarga tegishli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratishdi.

Qonunning asosiy maqsadi ham qora metall parchalari hamda rezgi-chiqitlarini tayyorlash, sotib olish, ulardan foydalanish va sotish qoidalarini buzish holatlarini kamaytirish, mamlakatimizda sifatsiz metall mahsulotlarini ishlab chiqarishning oldini olish, bu boradagi qoidabuzarliklar uchun yuridik hamda jismoniy shaxslar javobgarligini oshirish, sohada davlat nazorati samaradorligini yuksaltirishdan iboratdir.

Azamat PARDAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?