Ikki sud bitta, yangi binoda

16:46 11 Sentyabr 2019 Jamiyat
110 0

Fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo hamda Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi oʻz faoliyatini yangi binoda davom ettiradi.

Mazkur ikkala sud idorasi tumanlararo maqomida viloyatning Konimex, Nurota va Navbahor tumanlarida qonun ustuvorligi va adolat tantanasini taʼminlashga xizmat qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, chunonchi ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, sudlarning ochiqlik va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan.Mazkur bino qurilishida ham shu jihatlar inobatga olingan holda nafaqat sudya va sud xodimlari uchun balki fuqarolar uchun ham barcha zamonaviy sharoitlar yaratildi. Xususan, fuqarolar uchun arizalarni qabul qilish, ona va bola, tibbiyot xonalari ajratilib, zamon talabi asosida jihozlangan.

Bundan tashqari, videokonferensaloqa tizimi orqali sud majlislarini “onlayn”, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish, qabulxonaga biron-bir cheklovlarsiz kirib chiqish ham alohida eʼtiborga olingan. Fuqarolar sud ishini qaysi sudya koʻrib chiqishi va sud majlisining boshlanish vaqti haqida maxsus monitordan “onlayn” rejimda tanishib olishi mumkin. Shuningdek, binoning birinchi qavatida sud ishida ishtirok etadigan prokuror va advokatlar uchun barcha qulayliklarga ega xonalar ajratilgan. Zamonaviy sud zallariga esa soʻnggi rusumdagi “videokonferensaloqa rejimi”da sud majlisi oʻtkazish uchun zarur boʻlgan texnologiyalar oʻrnatilgan. Bu esa sud majlisi ishtirokchilariga masofadan turib iqtisodiy ishlarning koʻrilishida ishtirok etish, ularning uzogʻini yaqin qilishi, qimmatli vaqti va mablagʻlarining tejash imkonini beradi.

Binoning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi K.Tursunov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti direktori B.Teshaboyev ishtirok etdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?