Ikki qoʻl va bir oyoq anomaliyasi bilan tugʻilgan bola qanday qilib oʻz kelajagini yaratmoqda?

10:03 11 Noyabr 2019 Jamiyat
788 0

Taqdir zarbasi bundan ortiq boʻlishi mumkinmi: oʻn besh yilcha muqaddam Buxorodagi oilalardan birida bola ikki qoʻl va bir oyoq anomaliyasi bilan tugʻildi.

Chaqaloqni viloyat ixtisoslashgan bolalar uyiga topshirishdi.Uni dunyoga keltirganlar ota – onalik huquqidan mahrum qilindi.

Ikki qoʻlsiz, bir oyoqsiz bola qanday yashashi mumkin?! Ammo Petr ismli bu goʻdak bolalar uyida tarbiyachilarning qarovida, davlatimiz, el – yurtning ardogʻida oʻsdi.Mehr koʻrdi.Muhabbat taftini his etdi.Ruhan choʻkmadi.Qoʻliga, agar qoʻli deyish mumkin boʻlsa, qalam tutishni oʻrgandi.Rasm chiza boshladi.

Maktab yoshiga yetgach, uni Buxoro shahridagi 32 – Mehribonlik uyiga oʻtkazishdi.Shu yerda yashab, 8 – umumtaʼlim maktabida oʻzbek tilida tahsil olayapti. Hozir 8 – sinf oʻquvchisi.”Mehribonlik uyida hammani biz ona oʻrnida koʻramiz” deydi u.

Taʼkidlashlaricha, Petr Golov juda tirishqoq, intiluvchan,qobiliyatli, odobli.Muomalasini aytmaysizmi? Maskanga kelgan har bir kishini xuddi mezbon kabi shirin soʻz bilan qarshilaydi.Beixtiyor bu yoqimtoy bolani yaxshi koʻrib qolasan, kishi.

-Alisher Navoiyning gʻazallarini, shoir Muhammad Yusufning sheʼrlarini sevib oʻqiyman, -deydi u biz bilan suhbatda. - Maktabda Valid va Zayid ismli tengdoshlarim bilan doʻst tutinganman.Boʻsh paytimda rasm chizishni kanda qilmayman.Maskanimizda Dilshoda Rahimova boshchiligida rasm toʻgaragi ishlab turibdi.

Irodasi mustahkam bu bola chindan ham musavvirlikka mehr qoʻygan.U chizgan suratlar jonli, hayotiy.Suratlarni koʻzdan kechirarkansiz, ular muallifi qarshingizdagi shu imkoniyati cheklangan bola ekaniga aqlingiz bovar qilmaydi.

-Yaqinda boʻlib oʻtgan “Maftunkor ranglari jilosi” respublika tanlovida gʻolib chiqdim,-deydi Petr.- Bundan avval ham viloyat, respublika miqyosida tashkil etilgan koʻrik – tanlovlarda faol qatnashganman.

Aytmoqchi, Petr “Maftunkor ranglar jilosi” respublika tanlovidan diplom, medal, zamonaviy televizor, mikrotoʻlqinli pech, shuningdek, surat chizadigan maxsus doska bilan qaytdi.Tarbiyachilar yarim hazil, yarim chin qilib aytishgani kabi imkoniyati cheklangan bola tirishqoqligi, qatʼiyati, aql – zakovati bilan oʻz kelajagini yaratmoqda.Maktabni tugallagach, tasviriy sanʼat yoʻnalishida tahsil olish maqsadida.

Sir emas, oramizda toʻrt muchali sogʻ boʻla turib, oʻzgalardan koʻmak kutadigan,vaqtida yolchitib oʻqimagan, biror bir hunarning etagidan tutmagan, oqibatda hayotdan oʻz oʻrnini topishda qiynalib yurgan kishilar uchrab turadi.Biz bunday kishilarga taqdirning beshafqat zarbasi bois ikki qoʻl va bir oyoqsiz tugʻilgan Mehribonlik uyidagi shu bolani ibrat qilib koʻrsatgan boʻlur edik.Gap shundaki, imkoniyati cheklangani, iqtidori nazarda tutilib, Buxoro shahri hokimining tegishli qarori bilan u homiylik ostiga olingan.Boshqacha aytganda, Petr oʻz kelajagidan xavotirlanmay, xotirjam yashashi mumkin.Lekin bu narsa unga yot.Tinib – tinchimas iqtidor egasi Alloh bergan qobiliyatni ishga solib, ertaga taniqli rassom boʻlib yetishmoqchi, betakror sanʼat namunalari yaratmoqchi.Oʻxshashi yoʻq Oʻzbekistonimizning goʻzalligini moʻyqalam orqali butun dunyoga koʻz – koʻz qilmoqchi.

Bundaylar har qanday eʼzozga, tahsinga loyiq, albatta.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?