Ikki oʻzbek jangchisining jasadi qoldiqlari vatanga olib kelindi

21:38 14 Mart 2020 Jamiyat
302 0

Foto: mudofaa.uz

2019-yilning noyabr oyi oʻrtalarida Ukrainaning Rovno viloyatidagi Pustoivanniy qishlogʻi oʻrmonlarida er kavlayotgan ishchilar inson jasadi qoldiqlariga duch kelishdi.

Ukrainadagi “Zaxod-sxod” koʻngillilar qidiruv otryadi Rovno viloyati oʻrmonlarida topilgan jasadlar Andijon viloyati, Paxtaobod tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan va 1941-yil urushning ilk kunlarida halok boʻlgan oʻzbekistonlik askarlarga tegishli ekanini aniqladi.

Ukrainadagi “Zaxod-Sxod” qidiruv otryadi rahbari Maksim Xrovning aytishicha, jasad qoldiqlari yonidan ularning ism-familiyasidan tortib, qaysi harbiy komissariatdan harbiy xizmatga chaqirilgani haqidagi maʼlumotlar jamlangan medallar ham topilgan.

Medalyonlar yorib koʻrilganda, ikki oʻgʻlon Oʻzbekistonning Andijon viloyatidan ekanligi maʼlum boʻlgan.

Ular Mamadaliyev Toʻychiboy, 1915-yilda Andijon viloyatining Paxtaobod tumani, Stalin kolxozida tugʻilgan, 1939-yilda Andijon tumani harbiy komissariatidan xizmatga chaqirtirilgan. Harbiy unvoni oddiy askar boʻlgan.

Ikkinchisi 1919-yilda Andijonning Paxtaobod tumani, Uygʻur qishlogʻida tugʻilgan, harbiy xizmatga Izboskan tumanidan 1940-yilda chaqirilgan oddiy askar Xoliqov Qurbonboy boʻlgan.

Ukrainadagi “Zaxod-Sxod” qidiruv otryadi maʼlumotiga koʻra, oʻzbek askarlarining qoldiqlari topilgan joyni Germaniya qoʻshinlari 1941-yilning 29-iyuniga qadar nazoratiga olgan.

Bu askarlar aynan 1941-yilning iyun oyi oxirida nemislarning minomyot oʻqi oskolkasidan halok boʻlganiga aniqlik kiritilgan. Ularning yonidan belkurak va temir suv idishi ham topilgan.

Shundan soʻng Oʻzbekistondagi “Nuroniy” jamgʻarmasining Andijon viloyati boʻlimi xodimlari Ukrainadan topilgan oʻzbek askarlari jasadlarining qarindoshlarini izlab topish ishlarini amalga oshirishdi. Lekin ularning qarindoshlari topilmadi.

“Nuroniy” jamgʻarmasining Andijon viloyati boʻlimi xodimlari tomonidan 2020-yil 12-mart kuni yurtdoshlarimiz oddiy askar Mamadaliyev Toʻychiboy va oddiy askar Xoliqov Qurbonboy jasadlari qoldigʻi Andijon viloyatiga olib kelindi.

Bu ikki oʻzbek oʻgʻlonlarining jasadlari qoldiqlarini hurmat-ehtirom bilan qayta dafn etish marosimida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, viloyat hokimligi, yoshlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?