Ikki oyda Samarqandda 17 mingdan ortiq koʻchat ekiladi

10:27 10 Fevral 2020 Jamiyat
447 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Abdulaziz Yoʻldoshev/Samarqand. 2020-yil bahor mavsumida Samarqand viloyatining hududlariga qancha manzarali, mevali daraxt va butalar ekiladi?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi farmoyishiga asosan, viloyat hokimining 2020-yil 3-fevraldagi farmoyishida shunday reja belgilandi.

Farmoyishga koʻra, viloyatning 16 ta tuman-shaharlarida 20-fevraldan 20-aprelgacha kashtan, Qrim qaragʻayi, lola daraxti, eman, virgin archasi, Sharq tuyasi, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayragʻoch, tut, zarang, akatsiya, terak, yongʻoq va boshqa turdagi 17 mingdan ortiq manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalari ekiladi.

Koʻchatlarning asosiy qismi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan qishloq va mahallalar, umum foydalanishdagi avtomobil yoʻllari yoqasiga, qishloq xoʻjaligi maydonlarida ixota daraxtzorlar barpo etiladigan yerlar, ijtimoiy soha obyektlari hududi, xiyobonlar, koʻchalar, fermer xoʻjaliklari yer maydonlari chetlariga ekiladi.

Ekiladigan koʻchatning asosiy qismi oʻrmon xoʻjaliklari, hududiy obodonlashtirish boshqarmalari, koʻchatchilik fermer xoʻjaliklari, akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining hududiy filiali va xoʻjaliklardan olinadi va koʻchatlar ekish ishlariga 150 million 577 ming soʻm mablagʻ sarflanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?