Ixtiyor Abdullayev DXX rahbarligidan ketdi, oʻrniga Abdusalom Azizov tayinlandi

13:30 11 Fevral 2019 Siyosat
3158 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan general-leytenant Azizov Abdusalam Abdumavlanovich Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisi lavozimida ishlab kelgan Abdullayev Ixtiyor Baxtiyorovich sogʻligi yomonlashgani tufayli oʻz arizasiga binoan (keyingi bir yilda boʻyin va bel umurtqa pogʻonasida ikki marta ogʻir jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan) lavozimidan ozod etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimiga shu kunga qadar Toshkent xarbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni lavozimida ishlab kelayotgan general-mayor Kurbanov Bahodir Nizamovich tasdiqlandi.

B. Kurbanov avval Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida ishlagan.

Abdusalom Azizov (1960 yilda tugʻilgan) 2017 yilning sentyabridan buyon Mudofaa vaziri sifatida ishlab kelayotgandi.

Ixtiyor Abdullayev DXXni 2018 yilning 31 yanvaridan buyon boshqarib kelayotgandi. Bungacha esa u 2015 yildan Oʻzbekiston Bosh prokurori sifatida ishlagandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?