Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

09:48 14 Fevral 2019 Hujjatlar
207 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada aholi salomatligini muhofaza qilish va sil infeksiyasidan himoyalash, sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishining oldini olish, barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini saqlab turish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ekologik omillar taʼsirida rivojlanadigan nafas organlari, ayniqsa, surunkali obstruktiv oʻpka kasalliklariga uchragan bemorlar sonining oshishi kuzatilmoqda, respirator patologiyani kasallik rivojlangunga qadar erta skrininglovchi funksional tashxislash amalga oshirilmayapti.

Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatlarining integratsiyalashuvi yetarli darajada emasligi respirator kasalliklarga zamonaviy tashxis qoʻyish va ularni davolash usullarini amaliyotga samarali tatbiq etishga imkon bermayapti.

“Ftiziatriya” va “pulmonologiya” mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermaydi, natijada hududiy muassasalarning ftizioxirurg, ftiziourolog, ftizioortoped, ftiziooftalmolog, ftizioginekolog, ftiziopediatr, shuningdek, pulmonolog kabi malakali mutaxassislar bilan taʼminlanishi yetarli darajada emasligi kuzatilmoqda.

Ftiziatriya muassasalari moddiy-texnik bazalarining yetarli darajada emasligi, tibbiy jihozlar va texnikalarning yetishmasligi sil kasali va oʻpkaning nospetsifik kasalliklariga chalingan bemorlarga oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli tibbiy yordam koʻrsatishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, mamlakatda barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda mazkur tizim muassasalarining resurs salohiyatini mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilansin:

mintaqaviy epidemiologik holatni muntazam ravishda tahlil qilish va monitoringini olib borish, sil va uning dorilarga chidamli shakllari, oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishi tendensiyalarini prognoz qilish;

sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklarini keltirib chiqaradigan qoʻzgʻatuvchilarni laborator tashxislash usullarini sifat jihatidan yanada yaxshilash;

innovatsion usullarni joriy qilish asosida sil va nospetsifik oʻpka kasalliklarining oldini olish borasidagi kompleks profilaktika ishlarini amalga oshirish, silning latent shakllarini, silni yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni, shuningdek, silning dorilarga chidamli turiga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni tashxislash va davolashni tashkillashtirish;

sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklarini profilaktika qilish,

oʻz vaqtida tashxislash va davolashga yoʻnaltirilgan fundamental, amaliy

va innovatsion loyihalar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlash;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami darajasida barchaga sifatli tibbiyot xizmatlarini taʼminlagan holda silning tarqalishiga qarshi chora-tadbirlarning OIV/OITSni davolash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish dasturlari bilan integratsiyasini tashkillashtirish.

2. Quyidagilar:

2019-2021 yillarda sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish kompleks chora-tadbirlari (keyingi oʻrinlarda – Kompleks chora-tadbirlar) 1-ilovaga muvofiq:

2020-2021 yillarda ftiziatriya muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq;

2020-2021yillarda ftiziatriya muassasalarini zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq;

2020-2021 yillarda silga qarshi sanatoriyalarni zamonaviy reabilitatsiya, tashxislash va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlari dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari)ni, grantlarini ushbu qarorda tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar va dasturlar bajarilishi uchun jalb qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasida, keyinchalik boshqa tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida “Pulmonologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistraturada kadrlarni tayyorlashni bosqichma-bosqich tashkillashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab “Ftiziatriya” va “Pulmonologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistratura va klinik ordinaturada kadrlarni tayyorlash faqat davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

immunodiagnostikani oʻtkazish maqsadida 2019 yil 1 aprelga qadar

sil kasalligini yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarning asoslangan kontingentini aniqlasin;

2019 yil 1 mayga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya

va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy markazlarining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmalarini “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha koʻzda tutilgan yillik byudjet mablagʻlari doirasida tasdiqlasin;

2019 yil 1 mayga qadar respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, pulmonolog xonasini jihozlash standartlarini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda pulmonologiya boʻlimlari faoliyatini tashkillashtirishni nazarda tutuvchi pulmonologiya yoʻnalishi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish tartibini tasdiqlasin;

2019 yil 1 iyunga qadar Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan shaxslarda aniqlangan latent silni tashxislash va davolash tadbirlarini tashkillashtirish, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda sifatli tashxislash, silga qarshi dori va individual himoya vositalarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish va rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy oʻrganish natijalari asosida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining “Ftiziatriya” kafedralarini “Ftiziatriya va pulmonologiya” kafedralariga qayta ixtisoslashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari, shuningdek, ftiziatriya muassasalarini moddiy-texnik jihozlashning zamonaviy klinik qoʻllanma va protokollari, tashxis va davolash sifatiga oid standartlarini ishlab chiqsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda ftiziatriya muassasalarini immunodiagnostika va silga qarshi dori vositalari bilan taʼminlash uchun zarur mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – ushbu qarorda belgilangan vazifalarning toʻliq bajarilishi boʻyicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish hamda uning amalga oshirilishini muntazam koʻrib chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorovga – ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni toʻliq bajarish uchun zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda ajratish;

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shodmonovga – ushbu qarorda belgilangan barcha tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, ftiziatriya muassasalari va silga qarshi sanatoriyalar binolarining oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi hamda zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanishi yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida sil va nospetsifik oʻpka kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, davolash masalalari boʻyicha axborot-maʼrifat ishlarini muntazam ravishda amalga oshirsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 
2019 yil 13 fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?