IIV jarimalar davlat gʻaznasini qoplash uchun oʻylab topilayotganini rad etdi

11:10 31 May 2019 Jamiyat
310 0

Avval xabar berilganidek, kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV rahbariyati va masʼul mutasaddilari ishtirokida OAV xodimlari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Jurnalistlar kunduzi chiroq yoqib harakatlanish oqibatida avtomobillarda yongʻin kelib chiqayotgani haqidagi xabarlar qanchalik asosli ekanini soʻradi.

“Biz bunday holatlarni Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda oʻrganamiz, – dedi IIV Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Erali Bozorov. – Kunduzi chiroq yoqib yurilishi tufayli avtomobillar yonib ketgani haqida bizda birorta holat qayd etilmagan. Bu haqda bizga Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi tomonidan rasmiy maʼlumot berilgan. Menimcha, transport vositasida kelib chiqqan yongʻin sabablarini uning chiroqlariga bogʻlash toʻgʻri boʻlmaydi”.

Xususiy telekanallardan birining muxbiri quyidagicha savol berdi:

“Kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanmaganlarga jarima tayinlandi, – dedi jurnalist. – Umuman, belgilangan tartibga amal qilmaganlik uchun jazo choralari kundan-kunga qatʼiylashib bormayaptimi? Bunday jarimalar davlat gʻaznasini qoplash uchun oʻylab topilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda gap-soʻzlar koʻpaymoqda, fuqarolar noroziligi avj olmoqda. IIV tizimida aholi bilan muloqot, murojaat va arzlar bilan ishlash qanday qoʻlga qoʻyilgan? Kelib tushayotgan shikoyatlar asosan qaysi mavzuda?”

Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari murojaatlar monitoringi olib borilishi, biroq hozir yonida ularning soni va tasniflanishi boʻyicha aniq statistik maʼlumotlar yoʻqligini bildirdi.

“Shikoyatlar soni oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan kamaygan, – dedi Erali Bozorov. – Buning sababi tizimda kadrlar bilimini oshirishga qaratilayotgan eʼtiborda, deb oʻylayman. Chunki malakasiz va bilimsiz kadrlar tufayli sohadagi muammolar vaqtida yechilmay qolaveradi, bu esa shikoyatlarni keltirib chiqaradi. Jarimalar nega joriy qilinadi? Pul topish uchun emas! Maqsad bitta – haydovchilarning yoʻl harakati qoidalariga amal qilishini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?