Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida IIB boshliqlari iste’foga chiqarildi

18:21 16 Iyul 2018 Jamiyat
621 0
Illyustrativ foto / “Xalq so‘zi”

Ish faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun Bulung‘ur tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhakimov Sodiq Abduhakimovich, Paxtachi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhamidov Xayrullo Ubaydullayevich egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha Kattaqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i Ilyos Abduqahhorovning ishdan olinib, o‘rniga Farhod Jo‘rayevning tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning olti oyi mobaynida Samarqand viloyatidagi 495 ta mahallalarda bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Sodir etilgan jinoyatlar avvalgi yilga nisbatan 1 245 taga yoki 40,2 foizga, qotillik 39,5 foizga, bosqinchilik 12,5 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 27,4 foizga, talonchilik 62,5 foizga, firibgarlik 49,2 foizga, o‘g‘irlik 45,0 foizga, bezorilik 72,9 foizga, avtotransport vositasini olib qochish 33,3 foizga kamaygan.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 12,8 foizga kamaygan bo‘lib, ular ishtirokida Bulung‘ur, Narpay, Nurobod, Tayloq va Qo‘shrabot tumanlarida bironta ham jinoyat sodir etilmadi.

Vazirlik ma’lumotida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ham so‘z boradi. Jumladan, viloyatning 591 ta yoki har ikkinchi mahallasida jinoyat sodir etilgan. Ayniqsa, Samarqand shahrida 43 ta, Pastdarg‘omda 23 ta, Urgutda 14 ta, Ishtixon va Payariqda 13 tadan mahallalarda jinoyatlar sodir etilishi ko‘paygan.

Shuning uchun, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Prezident Devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas’ul vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzilib, ular tomonidan viloyat ichki ishlar organlarining joriy faoliyati qanchalik to‘g‘ri tashkil etilganligiga baho berish maqsadida o‘rganish ishlari boshlandi.

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruhi viloyatning Samarqand, Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi va Ishtixon tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan nuqson va kamchiliklarning tub sabablarini atroflicha o‘rgandi.

O‘rganishlar natijalari shu kunning o‘zida har bir tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari ishtirokida atroflicha va tanqidiy muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusi faoliyatda yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aniq muddatlar ko‘rsatilgan vazifalar hamda ijrosi uchun mas’ullar belgilandi.

Samarqand viloyatida ishchi guruh tomonidan amalga oshirilayotgan o‘rganish davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?