IIV “Fargʻona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok boʻldi” sarlavhali material yuzasidan rasmiy bayonot berdi

11:22 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
280 0

Unda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi nom bilan tarqatilgan material yuzasidan Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xabariga koʻra, dastlabki tergov jarayonida, 2019-yil 29-sentyabr kuni soat 20.45larda Dangʻara tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 25-sonli maktabning direktor oʻrinbosari M.D. “Neksiya” rusumli avtomashinasini Qoʻqon shahri tomon boshqarib ketayotib, yoʻlni oʻrtasiga oʻrnatilgan beton toʻsiq ustiga chiqib ketganligi va yoʻlni yorituvchi temir stolbaga urilishi natijasida avtomashinaga oʻrnatilgan gaz balonidan yongʻin sodir boʻlganligi aniqlangan.

Yongʻin natijasida avtomashina haydovchisi hamda oldi oʻrindiqda boʻlgan yoʻlovchi Dangʻara tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 26-sonli maktabning direktor oʻrinbosari U.Sh.lar voqea joyida halok boʻlgan. Orqa oʻrindiqda boʻlgan yoʻlovchilar Dangʻara tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 38-sonli maktabning direktor oʻrinbosari T.L. va Dangʻara tumani Xalq taʼlimi boʻlimi qorovuli M.B.lar tan jarohati olgan hamda ularga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilib, shifoxonaga joylashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan maʼlumotlarda Xalq taʼlimi boʻlimi xodimlari viloyat Hokimiyatiga kechki selektor yigʻilishiga chaqirtirilganligi koʻrsatilgan, biroq oʻrganishlar jarayonida shu kuni, yaʼni 29-sentyabrda Fargʻona viloyati Hokimligida yigʻilish yoki selektor oʻtkazilishi belgilanmaganligi, shuningdek yoʻl-transport hodisasiga uchragan haydovchi va yoʻlovchilar oʻzlarining shaxsiy yumushlari bilan Dangʻara tumanidan Qoʻqon shahriga ketishayotganligi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?