IIV delegatsiyasi Chilida. U Interpol Bosh Assambleyasining 88-sessiyasida ishtirok etmoqda

11:09 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
285 0

Joriy yilning 15-oktyabr kuni Chili poytaxti Santyago shahrida Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) Bosh Assambleyasining 88-sessiyasi oʻz ishini boshladi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Sessiya ishida 173 ta Interpolga aʼzo davlatlarning 1000 dan ortiq vakillari, shu jumladan, 32 nafar politsiya organlari rahbarlari va 25 nafar ichki ishlar vazirlari qatnashmoqda.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari A. Tashpulatov, Oʻzbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi mudiri R.Isroilov va boshqa masʼul xodimlar respublika delegatsiyasi tarkibida ishtirok etmoqda.

Sessiyaning ochilish marosimida Chili Respublikasining Prezidenti Sebastyan Pinyera tabrik nutqi bilan soʻzga chiqdi.

Uchrashuv doirasida Interpolning asosiy vazifalari va funksiyalarini muhokama qilish, tashkilotning faoliyati toʻgʻrisida Rezolyutsiya qabul qilish, Bosh Assambleya tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot eshitish, Ijroiya qoʻmitasi va Bosh kotib saylovlarini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqiladi.

Shuningdek, ushbu tadbir doirasida vazirlik delegatsiyasining Rossiya, Koreya, Turkiya, Afgʻoniston va Ozarbayjon ichki ishlar vazirliklari va politsiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari rejalashlashtirilgan. Ushbu muzokaralarda tomonlar uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, terrorizm, noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish yoʻnalishlarida hamkorlikning holati va istiqbollari hamda boshqa dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.

Interpol Bosh Assambleyasining 88-sessiyasi joriy yilning 18-oktyabrga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?