IIV 51-son manzil-koloniya mahkumi boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi

13:57 16 Avgust 2019 Jamiyat
301 0

Ijtimoiy tarmoqlarda 51-son manzil-koloniyasida mahkumlarning oyligidan ushlab qolinayotgani haqida tarqatilgan xabar Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan oʻrganib chiqildi. Maʼlum boʻldiki, Toshkent shahrida joylashgan 51-son manzil-koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni foydali mehnatga jalb etish maqsadida “UY JOY QURILIS” MCHJ bilan pudrat shartnomasi tuzilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 88 va 93-moddalariga muvofiq ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar foydali mehnatga jalb etiladi.

“UY JOY QURILIS” MCHJ bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan, jamiyat tomondan har oy yakuni boʻyicha mahkumlarga haqiqatda bajarilgan ish hajmidan hamda tasdiqlangan razryad va bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib, 800 ming soʻmdan 2,7 mln. soʻmgacha boʻlgan miqdorda oylik maoshi hisoblanib kelinmoqda. Mehnatga jalb etilgan mahkumlarning oylik ish haqlaridan ushlanmalar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 164-moddasiga asosan (belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish, sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun) amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, qurilish obyektlarida ishga jalb qilingan mahkumlarga oylik ish haqlari belgilangan tartibda hisoblanib, ularning ish haqidan noqonuniy ravishda ushlanmalar amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 89-moddasida jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar jazoni ijro etish muassasalarida yoki ulardan tashqarida ish oʻrinlarini tashkil etish yoʻli bilan, ish bilan taʼminlanishi belgilangan.

Shunga asosan manzil-koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar manzil-koloniyalaridan tashqarida, boshqa yuridik tashkilotlarga oʻzaro tuzilgan shartnoma asosida ishga jalb etiladi.

Yuridik tashkilotlarga shartnoma asosida ishga jalb etilgan mahkumlarga Jinoyat-ijroiya kodeksining 92-moddasiga muvofiq mehnat normalari va mehnat vazifalarini bajargan taqdirda mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadi boʻyicha belgilangan miqdordan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 305-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar yagona ijtimoiy toʻlovni (2019-yilning 1-yanvaridan boshlab yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizni tashkil etadi) toʻlovchilari hisoblanadi.

Biroq Jinoyat ijroiya kodeksining 96-moddasiga asosan mahkumlarning ish haqidan davlat ijtimoiy sugʻurtasiga ajratmalar ajratilmasligi belgilanganligi sababli, jazoni ijro etish koloniyalari hamda yuridik tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda yuridik shaxslarning mablagʻlari hisobidan mahkumlarga toʻlanadigan ish haqidan tashqari, ushbu ish haqining 25 foizigacha boʻlgan miqdorda muassasaning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, 51-son manzil koloniyasida jazo muddatini oʻtagan mahkum O.Abdullayev jazo oʻtash tartibi va shartlariga, jamiyatda qabul qilingan xulq atvor qoidalariga toʻliq rioya qilib kelganligi sababli, muassasa rahbariyati va xodimlari tomonidan eʼtirozlar bildirilmagan, jazoni oʻtash davrida unga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilmagan.

Barcha mahkumlar kabi, mahkum O.Abdullayev ham foydali mehnatga jalb etilgan va 2019-yil 26-iyul kuni shartnoma obyektidan oʻzboshimchalik bilan nomaʼlum tomonga ketib qolgan.

Hozirgi kunda unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinib, ushlash choralari koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?