“III Evroosiyo xalqaro kitob ko’rgazma yarmarkasi” – dunyo javohirlari ummonining namoyishi

22:19 25 Aprel 2018 Madaniyat
1159 0

Qozog’iston Respublikasi Ostona shahridagi “Korme” ko’rgazmalar markazida 25 aprel kuni “III Evroosiyo xalqaro kitob ko’rgazma yarmarkasi”ning tantanali ochilish marosimi bo’ldi. 

Ushbu ko’rgazma Evropa va Osiyo mamlakatlari nashriyotlari, matbaa korxonalari, kitob savdosi bilan shug’ullanuvchi ilmiy-ma’rifiy tashkilotlarni bir yerga jamlagan yirik intellektual maydon hisoblanadi. 
Dunyo xalqlari orasida kitobxonlikni keng targ’ib etish, insonlarning badiiy tafakkurini yuksaltirish, noshirlik va matbaa sohasida erishilgan yutuqlarni ommalashtirish, soha vakillarining o’zaro tajriba almashishi uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida an’anaviy o’tkazib kelinayotgan ushbu ko’rgazmada Osiyo va Evropa mamlakatlaridan kelgan noshirlar o’zlarining nashriyot-matbaa mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. 

Ko’rgazmaning ochilishida Qozog’iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o’rinbosari, mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari Sobir Shukurov va boshqalar mazkur xalqaro ko’rgazmaning ahamiyati tobora yuksalib borayotgani, Evroosiyo mamlakatlarining nashriyot-matbaa yo’nalishida o’zaro tajriba almashishi, hamkorlik qilishi uchun qulay muhit yaratayotganini alohida ta’kidladi. 

Qozog’istonda 2018 yil O’zbekiston yili, deb e’lon qilingani munosabati bilan ko’rgazmada O’zbekiston paviloniga alohida e’tibor qaratilgan. 

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, mazkur pavilonda O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O’zbekiston”, “O’qituvchi”, G’afur G’ulom, Cho’lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O’zbekiston Milliy entsiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi hamda “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Hilol nashr” nashriyot-matbaa korxonalarining besh yuzdan ortiq nomdagi mingga yaqin ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilmoqda. 

O’zbekiston mazkur ko’rgazmada faxriy mehmon sifatida ishtirok etayotgani uchun uning doirasida “O’zbekiston” pavilonining ham ochilish marosimi o’tkazildi. Unda Qozog’iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, Ostona shahri hokimi Aset Isekeshev O’zbekistonning Qozog’iston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikrom Niyozxo’jaev ishtirok etib, mamlakatlarimizning azaliy do’stlik va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligi yangi bosqichda izchil davom etayotganini alohida qayd etdi. 

Tadbirda Qozog’istondagi o’zbek milliy madaniy markazi jamoasi tomonidan tayyorlangan madaniy dastur mehmonlar e’tiboriga havola etildi. 

60 kvadrat metrdan iborat “O’zbekiston” paviloni yurtimiz tarixi va bugunini o’zida aks ettirgan. Ikki qardosh xalqning buyuk allomalari – Navoiy va Abay siymosi xalqaro ko’rgazmaga alohida mazmun bag’ishlagan. Surat tagidagi javonda ushbu allomalarning buyuk merosi joy olgan. Pavilondagi monitorda mamlakatimizdagi nashriyotlar faoliyatiga bag’ishlangan videorolik namoyish etilmoqda. 

“III Evroosiyo xalqaro kitob ko’rgazma yarmarkasi” doirasida mashhur yozuvchi va shoirlar, madaniyat namoyandari bilan uchrashuvlar, kitob targ’ibotiga doir taqdimotlar, davra suhbatlari, konferentsiyalar o’tkaziladi. 

Xalqaro ko’rgazma yarmarka 28 aprelga qadar davom etadi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?