IIBB firibgarlik sabab qidiruvga berilgan bir guruh jinoyatchilarni qoʻlga oldi

15:25 21 Yanvar 2019 Jamiyat
290 0

Foto: IIBB

Toshkent shahar IIBB tomonidan qidiruvda boʻlgan bir guruh jinoyatchilar qoʻlga olindi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida IIBB xodimlari ilgari bir necha bor sudlangan va joriy yilning 14 yanvar kuni Fargʻona viloyati IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 3 qismida (“Firibgarlik”) qayd etilgan jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvga eʼlon qilingan 26 yoshli Toshmatov Vohidjon Ulugʻbekovichni turar joyini aniqlashgan. Qoʻlga olish vaqtida qidiruvda boʻlgan shaxs bilan bir xonadonda boʻlgan qarindoshlari IIBB xodimlariga faol qarshilik koʻrsatgan. Ikki nafar xodimga tan shikastlari yetkazilgan.

Xizmatdoshlariga yordamga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari V. Toshmatov bilan oʻn nafar shaxslarni qoʻlga olishdi. Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qoʻlga olingan shaxslardan yana uch nafari jinoyat sodir etganliklari uchun qidiruvda boʻlishgan. Ular Fargʻona viloyati IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 3 qismida (“Firibgarlik”) qayd etilgan jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvga eʼlon qilingan 46 yoshli Sohibova Odina Solijonovna; Toshkent viloyati IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 3 qismida (“Bezorilik”) qayd etilgan jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruv eʼlon qilingan fargʻonalik 22 yoshli Sohibov Ozodbek Shuhratovich; Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismida (“Bezorilik”) qayd etilgan jinoyatni sodir etganligi uchun Fargʻona viloyati IIB tomonidan qidiruvga eʼlon qilingan 24 yoshli Toshmatov Zohid Ulugʻbekovich boʻlishgan.

“Toshkent shahar IIBB qoʻlga olingan shaxslar tomonidan poytaxt hududida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168 moddasida (“Firibgarlik”) qayd etilgan jinoyatni sodir etganliklari toʻgʻrisida maʼlumotga ega“, deyiladi IIBB bayonotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?