IIB hamma joyi kaltaklanib momataloq boʻlib ketgan buxorolik yigit haqida maʼlumot berdi

17:41 06 Avgust 2020 Jamiyat
7321 0

2020-yil 6-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Hamma joyi kaltaklanib momataloq boʻlib ketgan Buxorolik yigit Prezidentga murojaat qilmoqda” deb izohlangan 59 soniyali videolavha yuzasidan Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati rasmiy maʼlumot berildi.

Maʼlumot berilishicha, 2020-yil 26-iyul kuni soat 00:45 da Jondor tuman IIB Navbatchilik qismiga fuqaro A.Q telefon orqali Jondor tuman Hoʻjaxayron MFY Hoʻjaxayron qishlogʻida yashovchi fuqaro D.Karimov mast holda yangasi G.Q.ning yashash uyiga kelib, tinchligini buzganligi sababli hududiy profilaktika inspektorini yuborishni soʻragan. Mazkur xabarnoma tegishli tartibda tuman IIBda qayddan oʻtkazilib, profilaktika katta inspektori kapitan M.Ziyoyev tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlarida fuqaro Karimov Doston Ismat oʻgʻli spirtli ichimlik ichgan mast holatda shu qishloqda yashovchi G.Q ismli ayolning yashash uyiga borib tinchligini buzganligi aniqlangan. G.Q.ning turmush oʻrtogʻi hozirda ishlash maqsadida Rossiyaga ketganligi sababli u telefon orqali qayinukasi 1993-yilda tugʻilgan A.Q hamda 1977-yilda tugʻilgan qayinakasi S.Q.larni chaqirgan. A.Q. va S.Q.lar kelib D.Karimovni urib tan jarohati yetkazganlar.

Fuqaro A.Q.ning tuman IIBga qilgan murojaati asosida IIB xodimlari voqea joyiga yetib borib, D.Karimovning mastlik darajasini aniqlash maqsadida tuman narkologiya dispanseri koʻrigidan oʻtkazishgan. (narkolog xulosasiga koʻra D.Karimov alkogolli mastlik holatida ekanligi tasdiqlangan)

Fuqaro D.Karimov 27-iyul kuni soat 12:30 da olgan tan jarohati boʻyicha tuman kasalxonasiga murojaat qilgan. Mazkur xabarnoma tegishli tartibda tuman IIBda qayddan oʻtkazilib, shu kunning oʻzida fuqaro D.Karimovga nisbatan olgan tan jarohatlarining ogʻirlik darajasini aniqlash boʻyicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Fuqaro D.Karimov sud-tibbiy ekspertizasi koʻrigidan oʻtishni rad qilib, shu kunga qadar STE koʻrigidan oʻtmasdan kelgan.

Oʻzbekiston Respublikasi JPK talablariga muvofiq fuqaro D.Karimovni sud-tibbiy ekspertizasi koʻrigidan oʻtishini taʼminlash maqsadida 2020-yil 05-avgust kuni xabarnoma yuzasidan surishtiruv muddati tuman prokurori tomonidan 10 kunga uzaytirilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jondor tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?