IHT davlatlari orasida ilk bor xalqaro robototexnika musobaqasi Toshkent shahrida oʻtkaziladi

14:36 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
50 0

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “INNOWEEK” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Toshkent shahrida “International Robotics Challenge 2019” (IRC 2019) xalqaro robototexnika musobaqasi oʻtkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa haqida

“IRC 2019” joriy yilning 27-oktyabrdan 31-oktyabrgacha “Oʻzekspomarkaz” koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtadi. Musobaqada ikki yosh toifasi mavjud: 9 yoshdan 16 yoshgacha (Junior) va 17 yoshdan 23 yoshgacha (Senior). Har bir yosh toifasi turli tanlovlardan iborat. Musobaqaning umumiy qoidalari va tanlovlar reglamentlari bilan quyida tanishib olishingiz mumkin.

Kegelring, Waste sort out

“Junior” yosh toifasi jamoalari oʻrtasidagi tanlovlar roʻyxati:

- “Kegelring”

- “Waste sort out”

“Senior” yosh toifasi jamoalari oʻrtasidagi tanlovlar roʻyxati:

- Robo-Sumo

- Robo-Futbol

“Junior” yosh toifasi uchun:

“Junior” yosh toifasi uchun musobaqa Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, ushbu toifada istalgan mamlakat vakillari ishtirok etishlari mumkin. “Kegelring” musobaqasida ishtirokchilar oʻzlari bilan oʻzini-oʻzi boshqaruvchi avtomatik robotlarni olib kelishlari kerak boʻladi. “Waste sort out” musobaqasida robotlar masofadan turib boshqariladi. Ikkala musobaqa turida ham robotlar istalgan materialdan yasalishi mumkin, lekin hajm va oʻgʻirlik meʼyorlari mavjud. Barcha qoʻyilgan talablar haqida musobaqalar reglamentlari orqali bilib olishingiz mumkin.

“Senior” yosh toifasi uchun:

“Senior” yosh toifasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Ilmiy va texnologik hamkorlik boʻyicha doimiy qoʻmitasi (COMSTECH) bilan hamkorlikda tashkil etilgan boʻlib, “1st OIC Robotics Challenge Uzbekistan” nomi ostida boʻlib oʻtadi. Ushbu toifada IHTga aʼzo mamlakat vakillari ishtirok etishadi. “Robo-sumo” musobaqasida ishtirokchilar oʻzlari bilan oʻzini oʻzi boshqaruvchi avtomatik robotlarni olib kelishlari talab etiladi. “Robo-futbol” musobaqasida robotlar masofadan turib boshqariladigan boʻladi. Ikkala musobaqa turida ham robotlar istalgan materialdan yasalishi mumkin, lekin hajm va ogʻirlik meʼyorlari mavjud. Barcha qoʻyilgan talablar haqida musobaqalar reglamentlari orqali bilib olishingiz mumkin.

Ishtirokchilar:

IRC musobaqasi hamma uchun ochiq. Biroq har bir musobaqa turida ishtirok etadigan jamoalar soni uchun cheklov mavjud. Jamoa uch kishidan koʻp boʻlmagan boʻlishi kerak. Har bir jamoa oʻzining yosh toifasidagi barcha musobaqalarda qatnashishi mumkin. Barcha ishtirokchi jamoalar 27-oktyabrdan kechikmay Toshkentga yetib kelishlari lozim. Ishtirok etmoqchi boʻlgan jamoalar birinchi navbatda onlayn roʻyxatdan oʻtishlari talab etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?