IFTM Top Resa 2019: Parijda Oʻzbekistonning turistik salohiyati namoyish etilmoqda

10:28 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
89 0

Parij shahrida boʻlib oʻtayotgan eng yirik “IFTM Top Resa 2019” xalqaro turistik koʻrgazmasida Oʻzbekistonning milliy stendi namoyish etilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Koʻrgazma 1-oktyabrdan 4-oktyabrga qadar oʻtkaziladi. Dastlabki taxminlarga koʻra, unga 34 mingga yaqin kishi hamda 1,5 mingdan ziyod turizm sohasi mutaxassislari tashrif buyuradi. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK hamda 12 turistik tashkilot Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi qoʻllab-quvvatlashi ostida yurtimiz turistik salohiyatini taqdim etishmoqda. Milliy stendda Oʻzbekiston delegatsiyasi barcha mehmonlarga yurtimiz, uning mashhur yoʻnalishlari, turizmning rivojlanayotgan turlari, viza rejimining liberallashuvi va sohadagi soʻnggi islohotlar haqida batafsil maʼlumotlar berishmoqda. Tadbirda soha vakillari xorijiy hamkorlar delegatsiyalari bilan uchrashib, kelgusidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga doir muzokaralar oʻtkazishmoqda.

“IFTM Top Resa 2019 koʻrgazmasida ishtirok etishdan maqsad Fransiya turistik kompaniyalari hamda yangi yoʻnalishlarni izlayotgan kishilar uchun kompaniyamiz taqdimotini oʻtkazishdan iborat. Yevropa mamlakatlaridagi har qanday koʻrgazmada ishtirok etish esa bizning kompaniyamiz uchun ayni muddaodir. Koʻrgazmada milliy stend bilan ishtirok etish qator afzalliklarga ega – markazda joylashgan katta maydon, chiroyli stend, nufuzli delegatsiya – bularning bari hamkorlarda ishonch hissini uygʻotadi. Koʻplab mamlakatlar fuqarolari uchun viza rejimining bekor qilinishi, xalqaro reyslarning oshirilishi, yangi temir yoʻl reyslarining yoʻlga qoʻyilishi, xususiy sektorga boʻlgan ijobiy munosabat kabi yangi islohotlar turoperatorlar uchun yangi qoidalarni shakllantirmoqda.

Bunday koʻlamdagi koʻrgazmalarda qatnashish bizga yangicha konstruktiv faoliyatni yuritish imkonini beradi. Shunday ekan, bu kabi tadbirlar biz uchun juda foydalidir”, - deydi Silk Road destinations vakili. “Havas tour service” kompaniyasi vakillari esa asosan Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilishi, mana 10 yildirki oʻzaro hamkorlik aloqalari davom etib kelayotganini qayd etishdi. “Ular bilan uchrashish, yangi hamkorlarni topish va yangi xodimlarimizning marketing masalasida fransiyalik hamkasblari bilan yaqindan tanishishlari muhim ahamiyatga ega”,- qoʻshimcha qildi kompaniya xodimi. “Biz turistik bozorida 1 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelamiz. Biz qabul qiladigan sayyohlarning 80 foizga yaqini fransuzcha soʻzlovchi kishilardir, bu Fransiya, Belgiya va Shveysariya fuqarolaridir. Top Resa darajasidagi turistik koʻrgazmalarda qatnashish biz uchun juda muhim ahamiyatga ega.

Fransiya turistik bozoridagi pozitsiyamizni mustahkamlash uchun yilda bir marta albatta shu yerga tashrif buyuramiz, zero biz bu yerdagi qabul qiluvchi katta va kichik firmalar bilan hamkorlikda ishlaymiz. Shu bilan birga, Oʻzbekistonga sayohat qiluvchi turistlar sonini oshirish maqsadida yangi hamkorlar izlaymiz”, - dedi “Culture du Monde” vakili. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?