Qorachiqdagi vatan

17:07 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
161 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

(ESSE)

Odam bolasi oʻzligini anglab, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuygʻusi ildiz otib, ulgʻaya boradi. Bu ildiz qancha teran boʻlsa, tugʻilib oʻsgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak boʻladi.

Har gal Amudaryo boʻyida ming yillardan beri qad rostlab turgan Chilpiq qaʼlasini koʻrganimda, qadim Xivaning Ichanqaʼlasi-yu Dishanqaʼlasida, Buxoroning Arki, Samarqandning Afrosiyobiyu Registonida, Toshkentning Hazrati Imom majmuasi-yu Koʻkaldoshida boʻlganimda qalbim ajib bir gʻurur va surur, faxr va iftixor tuygʻulariga toʻladi. Toʻmaris, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi singari xalq qahramonlarini – xalqimiz dostonlarda kuylagan Goʻroʻgʻliyu Alpomishlarni eslaganimda, Vatanga muhabbat tuygʻusi naqadar buyuk va ulkan ekanini his etaman. Amu bilan Sirni quchgan, Zarafshondan suv ichgan,dunyoga daholarni yetkazib bergan yurt bu – mening Vatanim!

***

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bundan yigirma sakkiz yil avval qutlugʻ bir tong otdi. Biram yoqimli, biram rohatbaxsh mustaqillik shabadasi esa boshladi. Odamlar hayotida tamomila yangicha yashash va yaratish fasli boshlandi. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi butunlay oʻzgarib ketdi.

“Vatan – ostonadan boshlanadi,” deydilar. Ehhe, oʻtmishda ne-ne jahongiru sultonlar shu Vatan tuprogʻi uchun jon olib jon bermadi. Ulugʻ vatanparvar shoir Furqat shu Vatan tuprogʻini qoʻmsab Qashqarda jon berdi. Shoir aytmoqchi, “Yo, Qashqar tuprogʻi qashshoqmidi.” Boborahim Mashrab shu Vatan tuprogʻini koʻzga surtib sarbasar kezdi. Har-bir satrida ona, Vatan tuygʻusi ufurdi. Zero, mashhur xalq oqini Ergash Jumanbulbul oʻgʻli “uch yuz oltmish darasi bor, Oqtovning” deb yozganida, ulugʻ momomiz Tilla kampir qozoq oqiniga Qoʻrgʻondagi quduq boshida:

Falakning gardishin koʻr

Xudoyimning ishin koʻr

Men bilmayman yoshini

Ogʻzin ochib tishin koʻr

deganida Vatanning har-bir qarichi, Vatan ekanligi anglanmaydimi?!

Bolaligimda bobomdan: “Odamni tugʻilgan yurt tuprogʻi oʻz bagʻriga tortadi” deb koʻp eshitganman. “Oʻzga yurtning bogʻi bilan bogʻchasi oʻz yurtimning yantogʻicha koʻrinmas,” deb kuylagan ekan, bir shoʻrlik hofiz. Oʻz kindik qoning toʻkilgan zaminga qadam qoʻyishing bilan qaynoq mehrni, etni jimirlatuvchi hisni va gʻayrishuuriy bir kuch-qudratni sezasan, kishi. Shu pallada yerdan, havodan inson shuuriga tafakkurni idrok eta oladigan kuch oqib kiradi. Bu kuch hech qanday qarshiliksiz sening yuragingda inja va nafis sezgini uygʻotadi. Bu sezgi yuraklarni orziqtirib yuboradi. Bu sezgidan oldin anglangan harakat yoʻqdek, goʻyo. Bu sezgi ongdan koʻra tezroq, ongdan koʻra dadilroq va bexatoroq ishlaydi. Ehtimol, bu sezgini Gi de Mopassan: “Vatanparvarlik ilohiy tuygʻudir...” deganida, shularni nazarda tutgandir.

***

Har gal tongda “Munojot“nimi, “Qori navo”nimi, tinglaganimda vujudimda ajib bir yengillik sezaman. Asrlar qaʼridan silqib, qalqib kelayotgan bu navolar nega bunchalar dilga yaqin, nega qon-qonimni koʻpirtiradi. Shoir aytmoqchi, asrlar dardini soʻylayotgan bu navolarda asrlarning koʻz yoshlari, quvonch va tashvishlari mujassam. Kim biladi, balki bu ohanglar bizga qahramon Poykant, Xorazm, Muqanna va Chingizga qarshi soʻnggi nafasigacha jang qilib yonib bitgani, Ulugʻbek kutubxonasini yoqqan gumrohlar, Nasimiy “Analhaqi”, Jaloliddin jasorati, Amir Temur matonati haqida nimalarnidir soʻzlab bermoqchi boʻlayotgandir. Nima boʻlgandayam, oʻtmish oʻtmishligicha qoldi. Kimlar yaratdi, kimlar yoʻqotdi. Zero, Galileo Galiley aytmoqchi: “Yer baribir aylanaverdi”. Lekin, Vatan vatanligicha qolaveradi.

Bosh ustingdan oʻtdi koʻp zamon,

Oʻtdi Budda, oʻtdi Zardoʻshti

Har uchragan nokasu nodon,

Ona xalqim yoqangdan tutdi.

Seni Chingiz gʻazabga toʻlib,

Yoʻqotmoqchi boʻldi dunyodan

Jaloliddin samani boʻlib,

Sakrab oʻtding Amudaryodan

Sensan oʻshal samanim manim,

Oʻzbekiston Vatanim manim.

Bu yoniq satrlar moziyning goh Olloh tomonidan yaxshi yashash uchun tugʻilgan inson yer, boylik hirsu havasi yoʻlida hamjinslari tomonidan azob-uqubatlarga duchor qilingani, lekin u ozodlik yoʻlida kurashdan bir daqiqa ham toʻxtamagani haqidagi achchiq-alamli sahifalardan hikoya qilsa, goh taqdirning ming bir shoʻrishu gʻavgʻolarini oʻtkazib ham egilmagan, sinmagan xalq jahonga daholarni yetkazib beraverganini quvonib, toʻlib toshib soʻzlaydi. Demak, insoniyatga qilingan xizmat, ezgulik unutilmaydi. Tarix gʻildiragi ostidan toshda ungan guldek ugina omon chiqadi. Ulugʻlar nomi tillardan tillarga, ellardan ellarga koʻchaveradi.

Mening mustaqil ona yurtim bugun navqiron yigirma sakkiz yoshga toʻldi. Oʻtgan qisqa va dolgʻali davrda jamiyat hayoti, odamlar ongi-yu shuurida shunday olamshumul oʻzgarishlar yuz berdiki, uni soʻz bilan taʼriflash mushkul...

***

Bugungi globallashayotgan shoshqaloq vaqt, xuddi barmoqlarim orasidan sizayotgan qumga oʻxshaydi. Hayot oʻz yoʻlida har qanday makonu zamonlarni pisand qilmay olgʻa ketaveradi. Bu dunyoda vatanda faqat yaxshi ishlar, yaxshi amallargina qoladi. Ulugʻ Sohibqiron bobomiz Amir Temur “Bizning kimligimizni bilmoqchi boʻlsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing!” deganida nechogʻlik haq ekanligini, bundan olti asr ilgari qurilgan maqbarayu madrasalar koʻz-koʻz qilib turmayaptimikin?..Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koʻpgina tarixiy qadamjolar obod qilindi. Bunga yorqin bir misol Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasidir...

Agar mustaqillik boʻlmaganida, kechagi kungacha yarim vayrona boʻlib qolgan Bibixonim madrasasi, Oqsaroy, Ulugʻbekning falakkiyot rasadxonasi va boshqa tarixiy obidalar bugungi chiroy va jozibasi bilan qayta jonlanmagan boʻlardi. Aytingchi, oʻtgan davr muqaddas qadamjolarimiz qarovsiz holda choʻkib, oʻt bosib yotgani qay birimizning yuragimizni ezmagan. Bugun Imom al-Buxoriy, Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Zangiota, Imom at-Termiziy singari buyuk ajdodlarimizning muqaddas qadamjolari obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylangani, yuzlab tarixiy obidalar tiklangani oʻzlikka qaytish, milliy qadriyatlarga eʼtibor emasmi?!

Xullas, keyingi yillarda mamlakatimiz tom maʼnoda yashnab-yasharib bormoqda. Kam taʼminlangan oilalar, imkoniyati cheklangan insonlarga imtiyozli shaklda turar-joy binolari, yosh oilalar, harbiylar uchun alohida uylar, maktablar, sanʼat saroylari, sport zallari va shifo maskanlari qurilishidek benihoya katta bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligini-ku qoʻyavering.

Umid SORIYEV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?