IELTS, ruxsatnoma, tavsiyanoma... DTM mutasaddisi abituriyentlarni qiziqtirgan muhim savollarga javob qaytardi()

15:45 06 Iyul 2020 Jamiyat
482 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Brifingda muhim savollar yuzasidan javob qaytarildi.

Savol: Davlat test markazining sayti orqali roʻyxatdan oʻtganman. Tanlagan taʼlim yoʻnalishlarimni oʻzgartirsam boʻladimi? 

Javob: Abituriyentlar roʻyxatdan oʻtish muddati tugagun (20-iyul)ga qadar doimiy yashash manzilini, tugatgan taʼlim muassasasini, imtiyozlarini va tanlagan taʼlim yoʻnalishlarini oʻzgartirishi mumkin.

Savol: Fuqaroligi yoʻq shaxslar oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qanday roʻyxatdan oʻtadi?

Javob: Fuqaroligi yoʻq shaxslar roʻyxatdan oʻtish uchun oʻziga eng yaqin boʻlgan istalgan davlat oliy taʼlim muassasasiga borib, roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.

Savol: Harbiy OTMga hujjat topshirgan abituriyentlar harbiy boʻlmagan OTMlarga ham topshirishi mumkinmi?

Javob: Mumkin. Abituriyentlar oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtishda test topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan harbiy boʻlmagan OTMlarning 5 tagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlashlari mumkin.

Savol: IELTS imtihoni javobi 20-iyuldan keyin chiqsa, imtiyozlarga IELTS sertifikatini qoʻshsa boʻladimi?

Javob: Abituriyentlar oʻz maʼlumotlarini 20-iyulga qadar oʻzgartirishlari mumkin. Qabul yakunlangan (20-iyul)dan soʻng maʼlumotlarga oʻzgartirish mumkin emas.

Savol Nogironligi boʻlgan shaxslarning sirtqi taʼlim shakliga topshirganda imtiyozi saqlanib qoladimi?

Javob: Saqlanib qoladi. Chunki nogironligi boʻlgan shaxslarga kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakllari boʻyicha ham qoʻshimcha kvotalar ajratilgan.

Savol: Davlat test markazining sayti orqali roʻyxatdan oʻtdim. Test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani qayerdan olsam boʻladi?

Javob: Abituriyentlar test sinovida ishtirok etish uchun “Abituriyent ruxsatnomasi”ni roʻyxatdan oʻtish toʻliq yakunlanganidan soʻng, abitur.dtm.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan yuklab olishlari mumkin.

Ruxsatnomada abituriyentning test topshirish hududi, binosi va manzili, kuni, soati (smenasi), binoga kelish vaqti koʻrsatilgan boʻladi.

Savol: Menda harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun beriladigan tavsiyanoma mavjud. Lekin roʻyxatdan oʻtishda sizda hech qanday imtiyoz mavjud emas deb chiqmoqda. Nima qilsam boʻladi?

Javob: “Nogironligi boʻlgan shaxslar”, “Koʻzi ojizlar”, “Harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasi” yoki “Chet tili sertifikati”ga ega abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda imtiyozlarini oʻzlari kiritadilar.

Agar abituriyentda boshqa turdagi imtiyozlar boʻlsa, bu imtiyozlar tegishli vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar asosida avtomatik toʻldiriladi.

Roʻyxatdan oʻtganingizda sizning imtiyozingiz mavjud emas deb chiqayotgan boʻlsa, sizga tavsiyanoma bergan vazirlik yoki idoraga murojaat qilishingiz kerak.

Savol: Harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlarga sirtqi taʼlim shakli boʻyicha qoʻshimcha kvota ajratilganmi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar uchun taʼlim shakllari boʻyicha OTMlar kesimida alohida 5 foizli qoʻshimcha kvotalar ajratilgan.

Bunda kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha jami 5 179 ta, shundan davlat granti asosida 1 175 ta, toʻlov-kontrakt asosida 4 004 ta, sirtqi va kechki taʼlim shakllari boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida mos ravishda 1 568 ta va 251 ta qoʻshimcha kvotalar ajratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?