Ichki ishlar vaziri Samarqandda yig‘ilish o‘tkazdi. Kattaqo‘rg‘on IIBning barcha xodimlari qayta attestatsiyadan o‘tadi

13:02 19 Iyul 2018 Jamiyat
521 0
Foto: IIV

Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatiga doir tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Viloyatning ayrim hududlarida huquq-tartibot idoralari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar qattiq tanqid qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmasiga muvofiq, Bosh prokuror va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Samarqand viloyatida joriy yilning 13-17 iyul kunlari ichki ishlar organlari faoliyatining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga muvofiq tashkil etilganligiga baho berish maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi.

Vazir boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatining barcha shahar-tumanlari hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlarining xodimlari bilan birma-bir suhbatlashib, ularning xizmat faoliyatini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Bunda, joylarda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ahvoli, har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetganligi va ularni hayotga tatbiq etishdagi daxldorlik hissi, fuqarolar bilan muloqotlarda belgilangan tartib-taomillarga rioya etish va xushmuomalada bo‘lish, shuningdek, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning tub sabablariga alohida urg‘u berildi.

O‘rganish davomida vazir viloyatdagi ichki ishlar organlari xodimlarini sog‘lomlashtirish markaziga tashrif buyurib, davolanayotgan faxriylar, xodimlar hamda ularning oila a’zolari bilan uchrashdi va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Maskanda davolanuvchilarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun konsert va madaniy tadbirlar tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi, Samarqandning tarixiy obidalariga ziyorat tashkil etish uchun “Damas” rusumli avtomashina topshirildi hamda kutubxona fondini yangi kitoblar bilan to‘ldirish maqsadida vazirlik hisobidan 20 million so‘m pul mablag‘i ajratildi.

Fuqarolarimizning tinch va osuda hayot kechirishlari uchun munosib shart-sharoit yaratish, ularga yaqindan ko‘maklashish maqsadida, viloyatning Urgut tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va hududda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga yangicha yondashuv bilan xodimlar tomonidan xizmat olib borishga zamin yaratdi.

Ushbu tadbirda ishtirok etgan tuman faollari va mehnat faxriylari Ichki ishlar vaziri bilan muloqot chog‘ida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan aholining farovon hayotini ta’minlash yo‘lida respublikamizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar uchun katta minnatdorchilik izhor qilib, tuman ichki ishlar organlari faoliyatiga doir o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni muhokama qilish hamda vujudga kelgan salbiy vaziyatni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida shu yilning 17 iyul kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqot qilishdagi noo‘rin xatti-harakatlari, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va beparvoligi hamda qo‘l ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada o‘rnatmaganliklari oqibatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi va bu aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi, bunday holat muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan, xalqimizning tinch va farovon hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlarning pirovard maqsadlariga mutlaqo javob bermasligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda viloyatning ayrim hududlarida huquq-tartibot idoralari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar qattiq tanqid qilindi.

Ichki ishlar vaziri xizmat faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash boshqarmalari boshliqlari hamda Samarqand shahar, Nurobod, Jomboy, Payariq, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand, Ishtixon va Pastdarg‘om tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib, ularning ishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va ish natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari O.Raxmonov, Samarqand shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Ganiyev, Qo‘shrabot tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Usmanov, Toyloq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari M.Mahkamov, Oqdaryo tuman IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Usanov, Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari N.Tilavov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, kadrlar bilan ishlash xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahar va Samarqand tumani ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini navbatdan tashqari shahodatlashdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ma’lumot uchun: bunga qadar Ichki ishlar vaziri Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i I.Abduqahhorov va 3 nafar rahbar xodimlari, Bulung‘ur tumani IIB boshlig‘i S.Abduhakimov va Paxtachi tumani IIB boshlig‘i X.Abduhamidovni ichki ishlar organlaridan bo‘shatganligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan edi.

Yig‘ilish yakunida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov vazirlik Akademiyasining professor-o‘qituvchilari hamda malakali amaliyotchi mutaxassislar tomonidan Samarqand viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining bilim saviyasi va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan manzilli o‘quv dasturlarini ishlab chiqib, barcha shaxsiy tarkibni qayta tayyorlash hamda fuqarolar bilan ishlashda muomala madaniyatining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilish, har bir murojjat bo‘yicha xolisona va qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash, kundalik faoliyatni “xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etish, qonun va xizmat intizomini buzish holatlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish to‘g‘risida aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, majlisda shahar va tumanlarda ichki ishlar organlari boshliqlari rahbarligidagi hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektorda belgilangan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 08 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talablariga qat’iy amal qilgan holda, o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?