Ichki ishlar vaziri Qashqadaryoga tashrifi davomida 11 nafar loqayd rahbarlarni ishdan bo‘shatdi

16:13 30 Iyul 2018 Jamiyat
569 0
Foto: IIV

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, Respublika Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishiga asosan Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 23-26 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi ahvoli bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ichki ishlar vaziri Qarshi, Kitob, Kasbi, Qamashi, Nishon, Shahrisabz tumanlari hamda Qarshi va Shahrisabz shahar ichki ishlar bo‘limlari, ushbu shahar va tumanlardagi ichki ishlar organlari tayanch punktlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Qo‘riqlash, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida bo‘lib, ularda mavjud sharoitlar, shaxsiy tarkibning ma’naviy yetukligi va huquqiy savodxonligi, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligi, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish ahvolini shaxsan o‘rgandi.

To‘rt kun davom etgan sohaviy o‘rganishlarning yakuniy hisoboti sifatida 26 iyul kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgani aytib o‘tildi. Ko‘rilgan kompleks choralar natijasida viloyat bo‘yicha umumiy jinoyatlar 1.139 taga yoki 50,3 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 644 taga yoki 45 foizga kamayganligi qayd etildi. Qarshi shahrida “Ezgulik patruli”, Shahrisabz shahrida “Xavfsiz turizm” faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, viloyat hududida jami 481 ta “Jamoatchilik nazorati maskanlari” tashkil etilgani va aholi gavjum bo‘ladigan 7 mingdan ziyod obyektlarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgani jinoyatchilikka qarshi kurashishda natijadorlikka erishishni ta’minlagani ta’kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, ayrim shahar va tumanlarda tegishli chora-tadbirlar tizimli va maqsadli olib borilmayotganligi, profilaktika inspektorlari o‘z faoliyatini mahalla fuqarolar yig‘ini, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi bo‘linmalari va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda tashkil etmayotganliklari oqibatida oila-turmush va qo‘ni-qo‘shnichilik doirasidagi jinoyatlar, ayniqsa, qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish kabi o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar hamon yuqoriligicha qolayotgani, viloyatda mavjud 730 ta mahallaning 61 foizida jinoyat sodir etilishiga, 138 tasida esa jinoyatlar oshishiga yo‘l qo‘yilganligi, hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar sektorlarda o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ta’minlanmay, tadbirlar manzilli o‘tkazilmayotganligi aholining haqli e’tirozlarini keltirib chiqarayotganligi, shaxsiy tarkib bilan bilim saviyasini oshirish, tarbiyaviy ishlar o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratilmaganligi natijasida rahbarlar va xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish, hatto jinoyatlar sodir etish holatlari kelib chiqayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador me’yoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.

Shu jumladan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo‘lganligi uchun Qarshi tumani IIB boshlig‘i J.Rajabov, Muborak tumani IIB boshlig‘i S.Sharipov, Koson va Qarshi tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari N.Qarshiyev va A.Aminov, Shahrisabz, G‘uzor va Dexqonobod tumanlari IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari Q.Toshmurodov, A.Aliyev va N.Bozarovlar, Muborak va Chiroqchi tumanlari IIB boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari T.Baxromov va J.Murodov, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari F.Mirshatov, hamda Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i X.Rizakulovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, kadrlar bilan ishlash xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?