Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Qarshiga nega borgan edi?

23:59 10 Aprel 2019 Jamiyat
392 0

Illyustrativ foto

Qarshi shahrida ichki ishlar vaziri oʻrinbosari oʻtkazayotgan sayyor qabulda fuqarolarning bir necha yillardan buyon hal etilmay kelayotgan muammolari oʻrganilmoqda.

Kitob tumanidagi 21 yoshli Feruza Homidova, bir necha yildirki, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursanti boʻlishni orzu qiladi. Lekin har yili kursantlar safiga qoʻshilay deganda, bir muammo chiqadi. Unga oddiy maʼmuriyat xodimi kasbi taklif etilganda ham faqat operativ xodim boʻlishga qatʼiy ahd qilganligini aytadi.

Qarshi shahrida ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Muhiddin Joʻrayev fuqarolarni qabul qilayotganini eshitgan Feruza qabulga kelib, oʻz maqsadini aniq bayon etdi.

— Men bolaligimdan ichki ishlar xodimi boʻlishni orzu qilaman, — deydi F. Homidova. — Lekin yagona farzand boʻlganligim uchun onam bu qarorimga koʻnmadi. Qizlarbop kasblardan birini tanlashimni maslahat berdi. Mening esa qarorim qatʼiy. Biroq Ichki ishlar vazirligining maxsus oʻquv yurtlariga bir necha bor hujjat topshirsam ham doim rad javobini olaman. Sayyor qabulda menga professional serjantlar tayyorlash fakultetlariga topshirib, kuchimni sinab koʻrishni maslahat berishdi. Shu yerning oʻzida menga tibbiy koʻrik uchun yoʻllanma ham taqdim etildi. Nihoyat orzuimni amalga oshirish uchun imkoniyat paydo boʻldi.

Ikki yildan buyon oʻzining aybsizligini isbotlash uchun yelib-yugurgan kosonlik Farhod Nasriddinov uchun ham sarson-sargardonlik tugadi shekilli. 49 yoshli tadbirkor oʻziga tuhmat qilinganligi haqida tuman fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga murojaat etgan. Ammo ish shu paytgacha choʻzilib kelayotgan edi.

Sayyor qabulning birinchi kunida turli muammolar bilan vazir oʻrinbosari huzuriga kelgan 230 nafardan ortiq fuqarolar qabul qilindi. Unda oʻrganilayotgan muammolarning asosiy qismi sud-huquq va kadrlar masalalariga toʻgʻri keladi.

Sayyor qabul davom etmoqda.

Ahad Muhammadiyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?