Ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxini pasaytirish — bugungi kunning eng muhim talabi

11:23 22 Oktyabr 2020 Siyosat
576 0

Aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻla qondirish, bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarining barqarorligini taʼminlash – bugungi kunning eng muhim talabi. Zero, oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va yetarliligi xalq roziligining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda davlat rahbari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash boradagi ishlar pandemiya boshlangan ilk kunlardanoq tizimli ravishda, chuqur oʻylangan reja asosida yoʻlga qoʻyilmaganida, bugun ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash juda ogʻir kechishi mumkin edi.

Binobarin, soʻnggi uch yilda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirishga boʻlgan yondashuv mutlaqo oʻzgargani, bozorlarni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirishga alohida eʼtibor qaratilgani oʻz samarasini berdi.

Lekin shunga qaramay, viloyat bozorlarida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi aholini sarosimaga solib qoʻydi. Xususan, oxirgi vaqtlarda goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi va shakar mahsulotlarining narxi keskin oshdi. Dunyo bozorida oʻtgan 9 oyda oʻsimlik yogʻi 15 foizga, Oʻzbekistonda esa 26 foizga ortgan. Shakar narxi 5 foizga kamayishiga qaramasdan, yurtimizda 23 foizga qimmatlashdi.

Xoʻsh, bunday vaziyatda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish, narx-navo barqarorligini saqlash uchun qanday choralar koʻrish kerak? Yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga uzluksiz va yetarli hajmda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun nimalar qilish zarur?

Taʼkidlash joizki, ichki bozorni oziq-ovqat bilan toʻldirish, ularni ishlab chiqarish sohasida oʻz-oʻzini taʼminlashga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim sektori hisoblangan qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Chunki Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning yetakchi tarmogʻi sanaladi. Shu jihatdan Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan unumli, samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni yana-da mustahkamlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari ulushining yuqori boʻlishiga erishish zarur.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilot Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida 2021-yili oziq-ovqat tizimlari boʻyicha Sammit chaqirishga chorlab, butunjahon hamjamiyatini oziq-ovqat ishlab chiqarish, qayta ishlash va isteʼmol qilishga yondashuvni tubdan oʻzgartirish va saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirgani ham bejiz emas. Maqsad bitta – ocharchilikni bartaraf etish, ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarni qisqartirish, sayyoramizda oziq-ovqat tizimlarini isloh qilish boʻyicha xabardorlikni oshirish va aniq choralarni kelishib olishdir.

BMT Oziq-ovqat dasturi bosh direktori S.Dongyuning taʼkidlashicha, samarasiz siyosiy qarorlar, jumladan, ayrim mamlakatlar tomonidan oziq-ovqat eksportining cheklanishi oziq-ovqat tangligini keltirib chiqaradi va keng miqyosli gumanitar halokatga olib keladi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida guruch eksportini toʻxtatgan Vyetnam, un, grechka va sabzavotlar, jumladan, piyoz, sabzi va kartoshka eksport qiladigan Qozogʻiston, grechka, piyoz va sarimsoqpiyoz eksport qiladigan Belarus, limon eksport qiladigan Turkiyaning harakatlari jahon bozori uchun salbiy boʻlmoqda. Rossiya ham muhim xaridorlar tomonidan soʻrov mavjudligiga qaramay, don sotishni toʻliqligicha chekladi.

Butun dunyoda oziq-ovqat taqchilligi xavfi ortib borayotgan bir paytda Oʻzbekiston rahbariyati nafaqat ichki talabni qondirish, balki tashqi bozorga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish imkonini beradigan muhim va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonning muhim missiyasi va har bir davlatning ushbu murakkab davrdagi dolzarb vazifasi xalqaro hamjamiyatda alohida xavotir va tashvish uygʻotuvchi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga masʼuliyat bilan yondashishdir.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Sir emaski, qadim-qadimdan bozordagi tartib mahalliy amaldorlar tomonidan qattiq nazorat qilingan. Ular molning sifati, narxi bilan bir qatorda, tarozining toʻgʻriligiga eʼtibor qaratgan. Bugungi kunda esa mamlakatimizda bozorlar faoliyatini amalga oshirishning qonuniy tartib-tamoyillari ishlab chiqilgan. Unga koʻra, bozorlar narx-navoning mutanosibligi, sifatli mahsulotlar sotilishi, sanitariya-gigiyena qoidalari va shu kabi bir qancha talablarga javob berishi kerak. Bu tartiblarning ijrosini nazorat qilish esa bozor maʼmuriyatidan tortib, mahalliy hokimlik, soliq va boshqa bir qator tashkilot va organlarning vazifasiga kiradi.

Ammo bugun ularning qay biri amalda bunga keraklicha eʼtibor qaratyapti? Axir u yoki bu davlatning muvaffaqiyati koʻp jihatdan xalqaro vaziyatdan qatʼiy nazar, aholining barcha qatlamlarini faol va sogʻlom turmush tarzini olib borish uchun zarur xavfsiz, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga bogʻliq-ku.

Shunday ekan, aholining goʻsht, tuxum, un, yogʻ, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va boshqa shu kabi mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun har bir rahbar, ayniqsa, tuman va shahar hokimlarida hudud aholisining keyingi yil maygacha ushbu mahsulotlarni qachon, qayerdan olish boʻyicha aniq hisob-kitob boʻlishi kerak. Aks holda bugun koʻrilayotgan barcha chora-tadbirlar, sarflanayotgan mablagʻlar samarasiz ketishi mumkin.

Nodir ABDUVALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?