Ibn Sino asarlari — koronavirusga qarshi kurashayotgan olimlar uchun qoʻllanma

20:43 02 Iyun 2020 Jamiyat
5472 0

Turkiyaning TRT davlat teleradiokompaniyasi internet sahifasida ulugʻ ajdodimiz Ibn Sinoning benazir ilmiy kashfiyotlarining bugungi kundagi ahamiyati haqida maqola chop etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Material muallifi – taniqli turk jurnalisti Ufuk Nejat Tashjining taʼkidlashicha, bugungi kunda butun dunyoda keng qoʻllanayotgan epidemiyani cheklash usuli – karantin bir paytlar buyuk olim va mutafakkir Ibn Sino tomonidan oʻylab topilgan va ilmiy asoslab berilgan.

“Dunyo koronavirus pandemiyasiga duchor boʻlgan bir paytda, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida kasalliklarni odamdan odamga yuqishiga qarshi kurashishda Ibn Sino ixtiro qilgan karantin usulidan foydalanishni talab qildi”, - deb yozadi muallif.

U Ibn Sino buyuk ziyoli va zamonaviy tibbiyotning otasi boʻlgan, deya taʼkidlaydi. Buyuk ajdodimiz tibbiyot va astronomiyadan tortib, matematika va ilohiyotgacha boʻlgan koʻplab sohalarda katta tajriba toʻplagan. Gʻarbda u Avitsenna nomi bilan tanilgan. Yirik olim sifatida ming yil avval xavfli infeksiyalarga qarshi kurashda beqiyos rol oʻynagan. Buyuk mutafakkir oʻzining “Tib qonunlari” asarida yuqumli kasalliklar tarqalishini kamaytirish uchun 40 kunlik karantin zarurligini taʼkidlagan.

Keyingi yillarda “Tib qonunlari” zamonaviy tibbiyotning asosiga aylandi. Qariyb 600-yil davomida dunyo tibbiyot hamjamiyati ushbu kitobdan darslik sifatida keng foydalanib keldi.

Ibn Sino birinchi boʻlib mikroblar turli kasalliklarni keltirib chiqarishini aniqlagan. U, shuningdek, odamlarda yuqumli sariq kasalligi va kuydirgi kabi jiddiy bakterial infeksiyalarning paydo boʻlish sabablari va jarayonlariga oydinlik kiritgan.

Inson ichki aʼzolari faoliyatiga jiddiy xavf soladigan baʼzi kasalliklarni davolashda u sedatsiya (sunʼiy koma) texnikasini qoʻllagan. Shuningdek, olim siydikda qand miqdorini oʻlchash orqali diabetga tashxis qoʻyish usulini ixtiro qilgan.

Koʻpgina tarixchilarning taʼkidlashicha, Ibn Sino barcha tibbiy xizmatlarini bepul amalga oshirgan.

Buyuk italyan shoiri Dante oʻzining “Ilohiy komediya”sida (La Divina Commedia) Ibn Sino haqida soʻz yuritgan. Bugun dunyoning koʻplab tibbiyot oliygohlari devorlarida buyuk ajdodimizning surati osilgan. Oyning orqa tomonidagi bir kraterga uning nomi berilgan. Bir qancha davlatlar Ibn Sino xotirasiga esdalik tangalar va medallar chiqargan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?