“Hyundai-Namangan KD” avtomobil zavodining qurilishi boshlandi

18:52 17 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
4149 0

Foto: Rahmon Mamadaliyev

“Xalq soʻzi Online“. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Davlatimiz rahbari joriy yilning 2-3 may kunlari Namanganga tashrifi chogʻida hududda "Hyundai“ avtomobillarini ishlab chiqarish korxonasi qurilishi haqidagi xushxabarni aytib, viloyat ahlini quvontirgan edi.

Bugun mazkur yoʻnalishdagi loyiha ijrosi yuzasidan amaliy qadam qoʻyilib, korxona qurilishining tamal toshini qoʻyishga bagʻishlangan tantanali marosim tashkil etildi. Unda Toʻraqoʻrgʻon tumani hududida barpo etiladigan “Hyundai-Namangan KD” avtomobil zavodining xorijiy taʼsischilari, koreyalik ishbilarmonlarning kengaytirilgan guruhi, Malayziya, Indoneziya, Xitoy Xalq Respublikasi va Tailanddan tashrif buyurgan investorlar, Namangan viloyati hokimligi, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda korxonaga tamal toshi qoʻyildi.

Foto: Rahmon Mamadaliyev

Aytish lozimki, Koreya Respublikasining “Hyundai motor”, “Evegreen motors” va “Posko-Daewoo corporation” kompaniyalari hamkorligida bunyod etiladigan korxona 2019 yilning sentyabrida ilk mahsulotini ishlab chiqaradi. Loyihaga koʻra, bu yerda avvaliga yiliga 400 ta kichik yuk mashinalari,mikroavtobus va avtobuslar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Bu koʻrsatkichni bosqichma –bosqich 2500 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Zavod foydalanishga topshirilishi bilan 150 kishi ish boshlaydi, keyinchalik ishlovchilar soni ming nafardan oshadi. Eʼtiborli jihati shundaki, mahsulot ishlab chiqarishning dastlabki pallasidanoq butlovchi qismlarning 50 foizini mahalliy sharoitda tayyorlash rejalashtirilgan.

Foto: Rahmon Mamadaliyev

“Hyundai-Namangan KD” avtomobil zavodi qurilishining tamal toshi qoʻyilishi marosimida Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, Namangan viloyati hokimi X. Bozorov soʻzga chiqdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?