“HYUNDAI MOTOR UZ NAMANGAN” qoʻshma korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi

16:25 12 Aprel 2019 Iqtisodiyot
344 0

Qudratilla NAJMIDDINOV,”Xalq soʻzi”/ Namangan. Davlatimiz rahbari 2018 yilning 2-3 may kunlari Namanganga tashrifi chogʻida hududda “Hyundai” avtomobillari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxona qurilishi haqidagi xushxabarni aytib, viloyat ahlini quvontirgan edi.

Viloyatning Toʻraqoʻrgʻon tumanida barpo etiladigan tijorat avtomobillari ishlab chiqaruvchi “HYUNDAI MOTOR UZ NAMANGAN” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bugun viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan hamkor tomonlar uchrashuvida mazkur qoʻshma korxonaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen tomonidan “Evergreen Motors” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Keonga tantanali suratda topshirildi.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, Koreya Respublikasining “Hyundai motor”, “Evegreen motors” va “Posco-Daewoo corporation” kompaniyalari hamkorligida bunyod etiladigan korxona Oʻzbekiston avtomobilsozligi rivojiga hissa qoʻshadigan loyiha sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.Unga koʻra, bu yerda avvaliga yiliga 400 ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobus va avtobuslar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Bu koʻrsatkichni bosqichma –bosqich 2500 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Zavod foydalanishga topshirilishi bilan 150 kishi ish boshlaydi, keyinchalik ishlovchilar soni ming nafardan oshadi. Eʼtiborli jihati shundaki, mahsulot ishlab chiqarishning dastlabki pallasidanoq butlovchi qismlarning 50 foizini mahalliy sharoitda tayyorlash rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?