Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtiriladi

17:23 14 Yanvar 2020 Siyosat
322 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiyaga oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

BAA va Yaponiya – ulkan investitsion imkoniyatlarga ega, jadal rivojlanish, modernizatsiya va ilgʻor texnologiyalarni samarali joriy qilishda, diversifikatsiyalashgan va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladigan keng miqyosli investitsiya loyihalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega mamlakatlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-26-mart kunlari BAAga va 17-20-dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari ikki tomonlama hamkorliklar tarixida yangi sahifalar ochdi.

BAA va Yaponiyadagi sheriklar bilan doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan samarali muzokara va tadbirlar oliy darajadagi muloqot yanada qoʻllab-quvvatlanishining muhimligi, bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Tashriflar yakunida hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar toʻplami, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolandi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq, Yaponiya bilan esa 6 milliard dollardan ziyod qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda BAA kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar bugun oʻz natijasini berayotgani taʼkidlandi. Masalan, “Masdar” kompaniyasi Oʻzbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga 100 million dollar sarmoya kiritmoqda. 2019-yil oktyabr oyida quyosh energetikasida davlat-xususiy sheriklikka investitsiyalar jalb qilish boʻyicha yurtimiz tarixida ilk bor oʻtkazilgan ochiq tenderda ushbu kompaniya gʻolib deb topildi. Qurilish ishlari 2020-yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

Bunday ijobiy natijalar BAA hamda Yaponiya ishtirokidagi boshqa koʻplab loyihalarda ham kuzatilmoqda.

Xususan, BAA ishtirokida 1 milliard dollarlik kapitalga ega “The Abu Dhabi Uzbek Fund” investitsiya fondi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kichik va oʻrta loyihalarni, shuningdek, Samarqand shahrida mehmonxona qurish, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish maʼqullandi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablagʻlarini jalb qilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kredit mablagʻlari hisobidan “Maʼlumotlarni saqlash va ularga ishlov berish markazlari (data-markazlar) tashkil etish”, “Paketli kommutatsiya xalqaro markazlarini kengaytirish”, “Telekommunikatsiya transport tarmogʻi va maʼlumotlar uzatish tarmogʻini kengaytirish”, “Radiotarmoqni modernizatsiya qilish” loyihalarini amalga oshirish uchun 180 million dollar mablagʻ jalb etishni rejalashtirgan.

Shu bilan bir qatorda, yaponiyalik mutaxassis Esuaki Yoshida Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir maslahatchisi sifatida faoliyat boshladi. U AKT sohasidagi korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va xalqaro kredit liniyalarini jalb qilish masalalari bilan shugʻullanadi. Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida taʼlim, fan va innovatsiyalar boʻyicha maslahatchi-vakil hamda xususiy biznes bilan ishlash boʻyicha maslahatchi lavozimlari joriy qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilish chogʻida tashriflar natijalari boʻyicha ishlab chiqilgan “yoʻl xarita”lariga muvofiq 2020-yil uchun belgilangan chora-tadbirlarning toʻliq va sifatli ijrosini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hisoboti eshitildi, aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, eksport oldi moliyalashtirishni kengaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat tarmoqlari va istiqbolli loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda manzilli yondashuvni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi va takliflar ishlab chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?