Hujjatsiz faoliyat yuritayotgan “tadbirkor”lardan 200 mln so'mdan ortiq tovarlar olib qoʻyildi

12:02 06 Fevral 2019 Jamiyat
557 0

Hujjatsiz faoliyat yuritishdan hamda davlat byudjetiga toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlardan qochishdan manfaatdor boʻlgan qonunbuzarlarni aniqlash yuzasidan Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan qator nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bu haqda viloyat Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Qoʻqon va Margʻilon shaharlari, Buvayda va Oltiariq tumanlarida oʻtkazilgan tadbirlarda ayrim fuqarolarimiz belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganliklari qayd etildi hamda ularning 123 xil turdagi 7317 dona qariyb 137 million soʻmlik nooziq-ovqat mahsulotlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olindi.

Masalan, Buvayda tumanida joylashgan “Savdo kompleksi”da fuqaro M.B. hech qanday hujjatlarsiz telefon aksessuarlari savdosi bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlanib, belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda qoidabuzarning 37 xil turdagi 32,5 million soʻmlik tovar moddiy boyliklari daliliy ashyo sifatida olindi.

Margʻilon shahridagi “Davr qurilish materiallari” savdo kompleksida oʻtkazilgan nazorat tadbirida esa yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanayotgan fuqaro M.A. 2019 yil 1 yanvardan yuridik shaxs sifatida qayta roʻyxatdan oʻtish tugul yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ham davlat roʻyxatdan oʻtmaganligi, hech bir hujjatsiz faoliyat yuritayotganligi aniqlandi. Natijada, ushbu “tadbirkor”ning 4 xil turdagi qariyb 17 million soʻmlik tovar moddiy boyliklari vaqtinchalik olindi.

Hujjatsiz faoliyat yuritayotgan uddaburonlarni Qoʻqon shahridagi “Rizq baraka savdo kompleksi” hamda “Buyuk ipak yoʻli savdo kompleksi”da ham uchratishimiz mumkin. Ularning birida noqonuniy tadbirkorlarning 1561 dona qariyb 6 million soʻmlik soʻmlik DVD va VSD disklar hamda 2 turdagi 50 dona 16 million soʻmdan ortiq qiymatga ega boʻlgan erkaklar kurtkasini hech qanday hujjatlarsiz savdo qilayotganliklari aniqlangan boʻlsa, ikkinchisida 41 turdagi 2670 dona 20 million soʻmlik uyali aloqa vositalari uchun aksessuarlar hech qanday hujjatlarsiz sotilayotganligi qayd etildi.

Taʼkidlash joiz, viloyatdagi turli savdo komplekslarida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanayotganlarning davlat roʻyxatidan qay tartibda oʻtishlari, yuridik shaxs yoki YATT tashkil etishlari lozimligi haqida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan batafsil tushuntirishlar berilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 850-sonli qaroriga asosan xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra, qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari savdosi; alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash; avtotransport vositalarini yuvish, salonni tozalash va shunga oʻxshash boshqa xizmatlar kabi faoliyat turi bilan shugʻullanuvchilar 2019 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxs tashkil etishlari lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?